Nukusda “Chegarasiz shifokorlar” xalqaro gumanitar tashkilotining (MSF) Qoraqalpog‘iston Respublikasida qariyb 30 yil davom etgan silga qarshi kurash dasturining muvaffaqiyatli yakunlanishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qariyb 30 yil Qoraqalpog‘istonda sil kasalligini aniqlash, davolash va parvarishni takomillashtirish bo‘yicha samarali hamkorlik amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Nukusdagi loyiha 1998 yilda Qoraqalpog‘istonda sil bilan kasallanishning yuqori darajasiga javoban boshlangan. Uning dastlabki bosqichida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan DOTS (bevosita nazorat ostida qisqa kurs bilan davolash) strategiyasini joriy etish ko‘zda tutilgan. Vaqt o‘tishi bilan loyiha sil kasalligining dorilarga sezgir va chidamli shakllarini o‘z ichiga olgan kompleks, insonga yo‘naltirilgan modelga aylandi. Dastur sifatli davolanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi va minglab bemorlar va ularning yaqinlariga umid bag‘ishladi.

Dasturning muhim yo‘nalishlaridan biri — tibbiyot mutaxassislari va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlarining salohiyatini oshirish edi. Ko‘p yillik o‘qitish, yo‘naltirish va texnik yordam natijasida vazirlik endi Qoraqalpog‘istonda silga qarshi kurashni mustaqil amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.Shuningdek, loyiha doirasida bemorlarning psixologik holatini yaxshilashga yo‘naltirilgan psixologik maslahat va davolash tartibiga rioya qilishni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari ham tashkil etildi.
—Amalga oshirilgan ishlar natijasida biz erta tashxis va o‘z vaqtida boshlangan davolash bemorning holatini ancha yaxshilashi va kasallik yuqish xavfini kamaytirishini ko‘rsatdik, — dedi “Chegarasiz shifokorlar”ning xalqaro gumanitar tashkiloti tibbiyot va boshqaruv rahbari Norman Sitali. — To‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiy yordamga qo‘shimcha ravishda MSF shifokorlarni tayyorlash, klinik amaliyotlarni takomillashtirish va xizmatlarni milliy sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiya qilish orqali sohaning barqaror takomillashuviga hissa qo‘shdi.

Endilikda, “Chegarasiz shifokorlar” ushbu loyihadagi faoliyatini yakunlar ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga olib, O‘zbekistonda silga qarshi kurashni mustaqil ravishda davom ettiradi.
Loyihaning eng katta yutuqlaridan biri — Nukusda Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy mikobakteriologiya laboratoriyalaridan birining tashkil etilishi bo‘ldi. Ushbu laboratoriya Qoraqalpog‘istonda silning dorilarga sezgir va dorilarga chidamli shakllarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yuqori sifatli tashxis xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Ilgari dorilarga chidamli sil bilan kasallangan bemorlar 18–24 oy davom etadigan og‘ir va nojo‘ya ta’sirlarga to‘la davolash kurslarini qabul qilishga majbur edilar. Bu muammoni hal qilish maqsadida “Chegarasiz shifokorlar” 2016 yilda TB-PRACTECAL klinik sinovini boshladi va Nukus ushbu sinov o‘tkazilgan asosiy nuqtalardan biriga aylandi. Sinov doirasida olti oylik yangi davolash sxemasi ustida tadqiqot o‘tkazildi va u avvalgi xalqaro standartga nisbatan samarali va yengilroq ekanligini isbotladi. Tadqiqot natijalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2022 yildagi yangi davolash tavsiyalariga asos bo‘lib xizmat qildi va ushbu qisqartirilgan sxema ustuvor deb e’tirof etildi. Bu yutuq asosida “Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti va Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliy tadqiqotlar o‘tkazib, ushbu qisqartirilgan sxemaning O‘zbekiston bo‘ylab keng joriy etilishiga zamin yaratdi.

—Sil kasalligini aniqlash, davolash va bemorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ushbu loyiha hududda kasallik yukini sezilarli darajada kamaytirishda muhim rol o‘ynadi. U innovatsion yondashuvlarni joriy etdi, shaxsiylashtirilgan davolash usullarini muvaffaqiyatli tatbiq etdi va silga qarshi kurashda boy tajriba to‘pladi, — dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Irina Liverko.
Nukusdagi faoliyatini yakunlar ekan, “Chegarasiz shifokorlar” ushbu dasturni to‘liq milliy tizimga topshirmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa silga qarshi kurashni davom ettirish va uni yanada mustahkamlashga qat’iy bel bog‘laganini tasdiqlamoqda. Ushbu uzoq yillik hamkorlik O‘zbekistonda silga qarshi samarali, insonparvar va zamonaviy yondashuvni ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratdi. Shuningdek, ushbu yillar davomida MSF yuqumli kasalliklar, jumladan OIV, gepatit C va silga qarshi kurash bo‘yicha milliy dasturlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi. Innovatsion davolash protokollari va insonga yo‘naltirilgan yordam modellarining joriy etilishi mamlakatning turli hududlarida jamoat salomatligi ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilashga yordam berdi.
Tadbir yakunida “Chegarasiz shifokorlar” xalqaro gumanitar tashkiloti faoliyatiga katta hissa qo‘shgan bir guruh xodimlar munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri