Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshiriladi
17:23 / 2024-02-29

Bugun Toshkentda “O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) rivojlantirish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda davlat organlari vakillari, mahalliy va xalqaro moliya institutlari ekspertlari va investorlar qatnashdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, Xalqaro moliya korporatsiyasining Turkiya va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Vibke Shlemer, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Jahon bankining Markaziy Osiyo va Yevropa bo‘yicha energetika amaliyoti menejeri Stefani Gil, OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya va boshqalar mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Unda aytib o‘tilganidek, ushbu davra suhbati hukumat tomonidan qo‘yilgan dolzarb maqsad va vazifalar, xalqaro moliya institutlarining tavsiyalari va DXSH qonunchiligiga kiritilgan joriy o‘zgarishlardan kelib chiqib, DXSH sohasining O‘zbekistondagi o‘zgaruvchan ehtiyojlarini hisobga olgan holda tashkil etildi. Shuningdek, unda DXSH loyihalari uchun yangi sektorlarni aniqlash bo‘yicha har tomonlama fikr almashish, g‘oyalar va strategiyalarni ilgari surish, DXSH loyihalarining samaradorligini oshirish va raqamlashtirishni rivojlantirishga e’tibor qaratildi. 

– Aytish kerakki, mamlakatimizda DXSH asosida qator ishlar amalga oshirildi. Bunda energetika, sog‘liqni saqlash, maktab ta’limi sohalaridagi loyihalarni qayd etish mumkin. Davra suhbatida xorijiy hamkorlar tomonidan mamlakatimizning davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishida salmoqli yutuqlari qayd etildi. Xususan, 2022-yildan DXSH kelishuvlari soni 312 tadan 1018 taga, qiymati esa jami 17 milliard AQSH dollariga yetdi. Galdagi rejalar esa yanada ulkan. “O‘zbekiston-2030" strategiyasida aholi jon boshiga YAIM va daromadni sezilarli darajada oshirishga qaratilgan ulkan maqsadlar belgilangan. Unga ko‘ra, mamlakatimizda 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat- xususiy sheriklik loyihalari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, turli sohalarda DXSH loyihalarini ishlab chiqish va ushbu loyihalarni tayyorlash mexanizmini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlar, shuningdek, xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish uchun me’yoriy-huquqiy va institutsional bazani ishlab chiqish bu jarayonda juda muhimdir, – dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Abduqodir Yoqubov. 

[gallery-16176]

Qayd etilishicha, DXSH dasturining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va DXSHning iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirishning eng muhim omili sifatida mamlakatning iqtisodiy strategiyasiga integratsiya qilish uchun mustahkam fiskal bazaga ehtiyoj mavjud. Bu borada esa xalqaro hamkorlik va tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shu bois, tadbirda xalqaro tajriba, tavsiya va takliflari bilan ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari va mutaxassislarining chiqishlari har jihatdan foydali bo‘ldi. 

Davra suhbatida Xalqaro moliya korporatsiyasining Turkiya va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Vibke Shlemer xonim O‘zbekistonda qisqa muddatda DXSH asosida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi. 

– Bugungi davra suhbatida yurtingizda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalasiga urg‘u berildi. Bu bevosita “O‘zbekiston-2030" strategiyasi doirasida tahlil etildi. DXSHni rivojlantirish “O‘zbekiston-2030" strategiyasi bilan qay darajada uyg‘unlashgan. Biz bu masalalarda fikr yuritdik. Albatta, “O‘zbekiston-2030" strategiyasi maqsadlariga erishish uchun DXSH juda muhim. Buni bugun tadbirdagi ishtirokchilar sonida ham ko‘rib turibmiz. Lekin strategiyani rivojlantirishda biz ko‘proq xususiy mablag‘larni ham jalb qilishimiz zarur. Bu esa oldimizda turgan vazifalardir. Davra suhbati ochilishida ta’kidlanganidek, davlat oldida katta maqsad turibdi. 2030-yilgacha DXSH loyihalari orqali 30 milliard sarmoya kiritishimiz kerak. Hozirgi kundagi yutuqlar haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda DXSHning tarixi juda qisqa, atigi 5-yil. Shunga qaramay, yurtingizda juda katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Xususan, 400 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirilgan. Bularni amalga oshirish uchun 17 milliard dollar sarmoya kiritilgan. Bu davlat mablag‘lari va xususiy sheriklik mablag‘laridir. O‘z navbatida, yurtingizda bu ishlarni bajarishda poydevor mavjud. Bu – DXSH bo‘yicha qonun, qonunosti va tartibga soluvchi hujjatlardir. Hammasidan oqilona foydalanib, biz “O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan DXSH loyihalari orqali o‘z hissamizni qo‘shib borishimiz lozim, – dedi Vibke Shlemer xonim. 

Shuningdek, davra suhbatida ishtirokchilar davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish, DXSH loyihalarini tayyorlash uchun moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilash va ular uchun yanada qulay me’yoriy-huquqiy muhitni yaratish zarurligini ta’kidladi. 

Tadbir yakunida O‘zbekistonni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish yo‘lida salmoqli qadam qo‘yilganidan dalolat beruvchi qator muhim shartnomalar imzolandi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA