Odam savdosi insonlarni aldash, majburlash, shantaj yoki kuch bilan nazoratga olib, ularni ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish, sotib olish, tashish, yashirish yoki qabul qilish jarayonidir. Bu jinoyat inson huquqlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi.
Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni har yili 30 iyulda dunyo bo‘ylab nishonlanadi. Ushbu kun BMT Bosh assambleyasining 2013 yil dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan — 2010 yilning aynan shu kuni BMT tomonidan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Global harakatlar rejasi qabul qilingan.
Odam savdosining turli ko‘rinishlari mavjud. Xususan, majburiy mehnat (insonlarni ishga majburlash, oz haq to‘lash yoki umuman to‘lamasdan mehnatdan foydalanish), jinsiy ekspluatatsiya, organ savdosi, majburiy nikoh (shaxsni uning xohishisiz nikohga majburlash), bola savdosi (bolalarni pul uchun sotish, ularni mehnat yoki boshqa maqsadlarda ekspluatatsiya qilish) shular jumlasidan.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi qat’iy kurash olib boriladi. Bu sohada maxsus qonunlar, idoralar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu salbiy illatga qarshi kurashda ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan tizimli va sezilarli rivojlanishni ko‘rsatmoqda.
Xususan, “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnat bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslarni aniqlash va yo‘naltirish bo‘yicha milliy tizim joriy etildi. O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Hukumatning tegishli qarori bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularni himoya qilish tartibi belgilandi. Nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari "Inson" markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi. "Inson" markazlari ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o‘rganadi.
Bunda "Inson" markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini "past" yoki "yuqori" deb topishi mumkin.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan odam savdosi masalalari yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazildi. Tadqiqot ma’lumotlarining tasdiqlashicha, aholining ko‘pchilik qismi jinoiy faoliyatning ushbu turi haqida yaxshi xabardor.
O‘zbekistonda respondentlarning 87 foizi odam savdosini jiddiy tahdid deb bilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, tadqiqotlar davomida muammo haqida "nimalarnidir eshitgan", lekin chuqur bilimga ega bo‘lmaganlar guruhida qiziqarli dinamika kuzatilgan. Muammo haqida qisman xabardorlik ham ijobiy, ham xavotirli holatni aks ettiradi: bir tomondan, mavzuga qiziqish ortib bormoqda, boshqa tomondan esa, agar fuqarolarga odam savdosi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yuqori sifatli, ishonchli ma’lumotlar berilmasa, noto‘g‘ri tasavvurlarning tarqalish xavfi ortib boraveradi. 2025 yilda odam savdosidan bexabar ekanliklarini aytgan fuqarolarning ulushi sezilarli darajada kamaygan.
Fuqarolarning odam savdosi holatlariga tushib qolish yo‘llari haqidagi savolga javoblar tahlili shuni ko‘rsatdiki, eng keng tarqalgan usul xorijda ishlash taklifi hisoblanadi. So‘rov ishtirokchilarining taxminicha, ko‘plab jabrlanganlar boshqa mamlakatlarda ishga joylashish va’dalari orqali shunday vaziyatga tushib qolishadi. Bu ishga yollashning eng keng tarqalgan usullaridan biri hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, odam savdosi kabi jinoyatlar oddiy va’dadan boshlanadi. Yaxshi ish, yuqori maosh, yangi hayot... Bu kabi yolg‘on va’dalar ortida aldash, zo‘ravonlik va erksizlik turgan bo‘lishi ehtimoli katta. Har qanday shubhali taklif — xavf signali. Bunda, eng avvalo chet eldagi ish takliflari jiddiy tekshirilishi, rasmiy hujjatlar talab qilinishi lozim. Yaxshi va’da beruvchi reklama va takliflardan ehtiyot bo‘lish tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA