Dorixonalarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Sababi, retsept bilan beriladigan dorilarning noqonuniy aylanmasi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Amaldagi jazo turlarining yengilligi, jarimalarning kamligi bu turdagi qonunbuzilishlar ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-2024 yillarda doridan zaharlangan shaxslar soni 18 ming 87 nafarni tashkil etgan. 177 xolatda esa inson o‘limi bilan yakunlangan. Shuningdek, 2022-2024 yil va 2025 yilning 5 oyida 288 ta holatda 18 milliard so‘mlik 285 ming dona retsept bilan beriladigan dorilarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. 2024 yilda bu kabi holatlar 2022 yilga nisbatan 3 baravarga o‘sgan. Aniqlangan holatlarning 80 foizini kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tashkil etgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Retsept bilan beriladigan dori vositalari noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Deputat M.O‘rozaliyevaning qayd etishicha, qonun loyihasi sifatsiz va qalbaki dori vositalari aylanmasiga chek qo‘yish, dorixonalar faoliyatini tartibga solish, dori vositalarining noqonuniy muomalasiga oid takroriy holatlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga retsept bilan beriladigan dori vositalari noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan holatlar uchun jarima jazosini 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima jazosini belgilash, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun esa 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima jazosini belgilash nazarda tutilmoqda.
[gallery-25713]
Muhokamalarda fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova qonun loyihasi ayni paytda zarur ekanini, uning qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda dori vositalarining noqonuniy aylanmasi natijasida aholi zaharlanishi yoki o‘limi bilan bog‘liq og‘ir oqibatlar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasini qabul qilish bo‘yicha fraksiyaning qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA