Yangilanish va yasharish bayrami – Navro‘z shodiyonalari kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimligi tashabbusi bilan “Ekoteks” va bir qator tashkilotlar hamkorligida 3 ta oila farzandining nikoh va 20 ta oila farzandiga sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yilgi Navro‘z bayramining qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharifga to‘g‘ri kelishi bilan ham ahamiyatlidir. Keksalarga hurmat, yordam ko‘rsatish va ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo‘lish xalqimizga xos savobli amallardan hisoblanadi.
Eng chiroyli to‘yxonada o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni Navro‘zi olam va muqaddas Ramazoni sharif bilan muborakbod etdi. Yosh oilalarga va bolajonlarga baxtli kelajak tiladi.
Yangi hayotga qadam tashlayotgan yosh oilalarga va sunnat to‘ylari o‘tkazilayotgan bolajonlarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri