Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“3 oyda IELTS 7+” – mantiqlimi yoki marketing?
14:13 / 2025-10-21

Cir emas, bugun dunyoda ingliz tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, 90 ta davlatda ingliz tili ikkinchi til sifatida nufuzga ega. Mamlakatimizda ham bu tilni o‘rganishga bo‘lgan intilish, ishtiyoq baland. Endilikda til o‘rganmoqchi bo‘lganlarning bilim darajasini aniqlashning eng keng tarqalgan turi esa bu — IELTS hisoblanadi.

IELTS ingliz tilidan bilim darajasini baholashning xalqaro tizimidir. Ma’lumki, xorijda va mamlakatimizda yaxshi mehnat sharoitiga ega bo‘lish yoki chet elda o‘qish uchun IELTS sertifikatini olish juda muhim sanaladi.

Xo‘sh, IELTS sertifikatiga ega bo‘lish uchun qancha vaqt talab etiladi deb o‘ylaysiz? E’tibor bersangiz, keyingi paytlarda turli xil shov-shuvli – “40 kunda IELTS 6+”, “3 oyda IELTS 7+”, “Tez va ishonchli IELTS 8” kabi til o‘rganishga qiziquvchilarni chorlovchi e’lonlarga ko‘zingiz tushadi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Shu va shunga o‘xshash savollar ko‘pchilik o‘quvchilarni, ayniqsa, yoshlarni qiziqtirsa kerak. 

Ingliz tili fani bo‘yicha yaxshigina malakaga ega, “IELTS 8+” natijasini qo‘lga kiritgan, Toshkent shahar “EVEREST” o‘quv markazining ingliz tili o‘qituvchisi Mohinur Abjalilova bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Sizningcha, til o‘rganishni endi boshlagan o‘quvchi IELTSda qoniqarli darajaga ega bo‘lishi uchun qancha vaqt talab qilinadi?

– Aslini oladigan bo‘lsak, ingliz tilini “nol”dan o‘rganishni boshlagan o‘quvchining qoniqarli baho olishi uchun qat’iy belgilangan biror-bir muddat yo‘q. Lekin tilni sifatli o‘qish, belgilangan darsliklarni o‘rganish, bu tilda ma’lum darajaga ko‘tarilish uchun bir, bir yarim yil yaxshi muddat. Lekin bu hammaga ham to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Chunki kimdadir tilni tezroq o‘zlashtirishga qobiliyati yuqori bo‘ladi, kimdadir esa aksincha. Ba’zilar ma’lumotlarni juda tez qabul qiladi va mavzularni osongina o‘zlashtira oladi. Ba’zilarda esa buning aksi. Xullas, hammaning ma’lumot olishi, uni o‘zlashtirishi har xil bo‘lgani uchun yuqoridagi vaqt 100 foiz natijaga erishish mumkin bo‘lgan muddat, deya olmaymiz. Bizning markazimizdagi bir o‘quv kursi ham bir yarim yil, aniqrog‘i, 1 yil-u 3 oyni tashkil qiladi. O‘sha vaqt ichida o‘quvchi yaxshi natijaga erisha olishi mumkin. Ammo bir guruh ichida shu vaqt mobaynida birga o‘qib yurib past natijaga erishuvchi o‘quvchilar ham bor. Demak, hammasi o‘quvchining harakatiga va qiziqishiga ham bog‘liq.

– “3 oyda IELTS 7+” va’da qilayotgan e’lonlarga qanday qaraysiz? Haqiqatda ham IELTS’dan xabari bo‘lmagan o‘quvchi 3 oyda IELTS 7+ sertifikatini olishi mumkinmi?

– Hozir internet yoki ko‘cha-ko‘ydagi e’lon peshtaxtalarida yaqqol ko‘zga tashlanuvchi “3 oyda IELTS 7+”, “40 kunda IELTS 6+” kabi reklamalarga e’tibor qilmay qo‘yganimga ancha bo‘lgan, to‘g‘risini aytsam. Lekin afsuski, shunaqa e’lonlarning tarqalgani sababli odamlar orasida noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘ladi. “Demak bu oson narsa ekanda, shunaqa deb yozib qo‘yishibdiku”, kabi. Chunki shu kabi e’lonlarni ko‘radigan har bir odam bu yo‘nalish bo‘yicha yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun ham hamma bunga real ko‘z bilan qarolmaydi. Lekin bu reklama IELTS dan umuman xabari bo‘lmagan odam uchun haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gap.

Bunda, avvalo, IELTS o‘zi nima degan savol tug‘ilishi tabiiy. IELTS bu – (International English Language Testing System), ya’ni ingliz tilini bilish darajasini tekshiruvchi tizim. O‘quvchining bilim darajasini aniqlab beradigan hujjat. Bu sertifikat hozirgi kunda ancha ommalashdi. Chunki bu o‘qishda va xodimlarning ish joyida kattagina imtiyoz yaratib bera oladi.

Ingliz tilini o‘rganishda muayyan bosqichlar mavjud. Bular inglizcha nomlarda: 

1. Beginner;

 2. Elementary; 

3. Pre-Intermediate; 

4. Intermediate; 

5. Upper-Intermediate; 

6. Advanced kabilar. Ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun ishlab chiqilgan bosqichlar shular. Umumiy ingliz tili, ya’ni “General English”da aytib o‘tilgan darajalardan o‘tish kerak. Buning ichiga so‘zlar, grammatik qoidalar har bir bosqichda o‘quvchining bilim darajasiga mos holda o‘rganiladi. 

Aslida IELTS tuzilishini, struktura qurilishini o‘rganishni boshlash ma’qul bo‘lgan daraja Intermediate va Upper-Intermediate darajalari hisoblanadi. O‘sha darajada IELTS topshirish uchun tayyorlanishda mantiq bor. Qanchalik umumiy ingliz tilini bilish darajasi yuqori bo‘lsa, IELTSda yuqori daraja olish shunchalik kafolatlanadi. Yuqorida qisqa muddatda IELTS sertifikatini va’da qilayotgan o‘quv markazlarining asl “maqsadi”ni borib surishtiradigan bo‘lsak, ko‘pincha bu odamlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otuvchi “jozibador reklama” bo‘lib chiqadi. 

Saviyali o‘quv markazlari, avvalo, bunaqa reklamalar va’da qilmaydi. Chunki til o‘rganishga qancha vaqt ketib, qanday bosqichlardan iborat bo‘lishini sifatli ta’lim berishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ygan o‘quv markazlar bilishadi. IELTS’da katta imkoniyatlarni beruvchi darajalardan biri “7” ligini hisobga oladigan bo‘lsak, o‘sha daraja bilan mijozlarni o‘ziga jalb qiladi. Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi bu e’lonlarning ham tagida ma’lum talablar bor. Nisbatan yaxshiroq o‘quv markazlari bo‘lsa, albatta. Agar sizning umumiy ingliz tilini bilish darajangiz bo‘lsa, yuqoridagi Elementary, Intermediate, Upper-Intermediate kabi bosqichlarda yaxshigina baza mavjud bo‘lsa, va’da qilingan muddat ichida sizga IELTS tuzilishini, IELTS imtihoni strukturalarini o‘rgatib berishlari mumkin. Lekin bu kabi e’lonlarni ko‘rib, hali IELTS’dan xabari bo‘lmagan o‘quvchi “Men qisqa muddat ichida IELTS olishim mumkin. Bu juda oson ekan” degan noto‘g‘ri fikrga borib qoladi. Aslida esa umuman bunday emas!

— Mustaqil IELTS o‘rganmoqchi bo‘lganlarga qanday yo‘l-yo‘riqlar bergan bo‘lardingiz? 

— Mustaqil IELTS o‘rganmoqchi bo‘lganlarga, avvalo, General English (umumiy ingliz tili darajasi)ni yaxshilab ko‘tarib olishini maslahat berardim. Avvalo, kunlik reja tuzib, IELTS bilan shug‘ullanishni shu rejaning bir qismiga aylantirish zarur. Bir kun dars qilib, bir kun tashlab qo‘ysa, o‘sish bo‘lmaydi. O‘quvchi ishonchli resurslardan foydalanishi zarur. Rasmiy IELTS bilan bog‘liq bo‘lgan “Cambridge”, “British Council” kabi saytlardan ma’lumot olish mumkin. IELTS topshirgan tanishlari bilan maslahatlashib har kuni speaking (so‘zlashuv) bilan shug‘ullanish kerak. IELTSda reading (o‘qish), writing (yozuv), speaking (so‘zlashuv), listening (eshitish)da bir xilda ishlashi kerak. Qaysi birida o‘sish ko‘proq bo‘lsa, o‘shanisiga urg‘u berib, qolganlarini chetga surib qo‘yish bo‘lmaydi.

Dildora DO‘SMATOVA, 

suhbatlashdi