“Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan davlatimiz rahbarining 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Filial tomonidan boquvchisidan ayrilgan va chin yetim bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar doirasida 3 xonali yangi uy qurilishi boshlangan edi. Ushbu loyiha o‘z yakuniga yetib, mazkur uy to‘liq qurib bitkazildi.

1998 yili tavallud topgan Ramazan Ajimuratov ikki nafar singlisi bilan ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘ldi. Singlilari Aysanem va Janna bugungi kunda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining san’atshunoslik fakultetida tahsil olmoqda. Nukus shahri “Yashil bog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan zamonaviy 3 xonali uy ularga barcha zarur maishiy qulayliklar va to‘liq jihozlar bilan ta’minlangan holda topshirildi.
Yangi uyni topshirish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, jamoatchilik faollari hamda homiylar ishtirok etishdi.

– Yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamisha diqqat-e’tiborimizda, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari Islambek Tajetdinov.
– Bunday xayriya tadbirlari kelgusida ham davom etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA