Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, xizmat faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash bugungi kunda qo‘mita oldida turgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda huquqiy asoslarni mustahkamlash, xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amaliyotga joriy qilish qat’iy tarzda davom etmoqda.
Shu ishlar ko‘lamida 2025 yil davomida qator normativ hujjatlar qabul qilindi va axborot ochiqligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy raqamli mexanizmlar joriy etildi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida 2025 yil davomida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, qo‘mita tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha 12 ta idoraviy-huquqiy hujjat qabul qilingan. Shu bilan birga, sohaning tizimli rivojlanishini ta’minlash maqsadida 3 ta chora-tadbirlar dasturi va 2 ta “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi, kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti, xodimlarni o‘qitish, kontragentlarni tekshirish, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni baholash tartibi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi tizim samaradorligini monitoring qilish uslubiyoti kabi qator muhim hujjatlar tasdiqlandi. Xizmat safarlari va rasmiy tadbirlarda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan sovg‘alarning qiymati va ularni tasarruf etish tartibi yuzasidan ham alohida nizom qabul qilindi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi talablariga muvofiq, qo‘mita markaziy apparati va hududiy bo‘linmalardagi 149 nafar mas’ul xodim tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar to‘ldirilib, ularning nazorati bo‘yicha doimiy monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash maqsadida ishga tushirilgan «E-anticor.uz» elektron platformasiga choraklik hisobotlar kiritib borilmoqda. Qo‘mitaga yuklatilgan 64 ta funksiyadagi xavf-xatarlar qayta baholanib, 2025 yil 2-10 may kunlari korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tasdiqlandi. Natijada 3 ta yuqori va 8 ta o‘rta darajadagi xavf-xatar aniqlandi va ularning oldini olishga qaratilgan 11 banddan iborat dastur tasdiqlandi.
2025 yil davomida o‘tkazilgan 37 ta davlat xaridlari bo‘yicha kontragentlar tekshirildi. Tekshiruvlar jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi yoki boshqa salbiy holatlar aniqlanmadi. Barcha kontraktlarga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlar kiritildi. Shu bilan birga, ishga qabul qilish, rotatsiya va lavozimga tayinlash jarayonlarida kompleks tekshiruv amaliyoti joriy etildi.
Qo‘mita tizimi xodimlari va aholi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida 24 ta uchrashuv, 31 ta seminar-trening va 2 ta matbuot anjumani o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda 51 dan ortiq material e’lon qilindi, shuningdek, 180 ga yaqin targ‘ibot vositalari tayyorlanib joylarga o‘rnatildi. Qo‘mita rasmiy veb-saytida "Korrupsiyaga qarshi kurashish" bo‘limi tashkil etildi. Unda targ‘ibot tadbirlari, normativ hujjatlar va qayta aloqa kanallari joylashtirilgan bo‘lib, ma’lumotlar har oy yangilanib borilmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida qo‘mita tuzilmalarida 18 marotaba komplayens-nazorat tekshiruvi o‘tkazildi. Qonunbuzilish holatlari sababli 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 7 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanildi va 130 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Bu kabi chora-tadbirlar qo‘mita tizim faoliyatida korrupsiyaga qarshi samarali nazoratni ta’minlash va xizmatlarda shaffoflikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA