Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
3-mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni
12:21 / 2026-03-03

Har yili 3-mart sanasida Butunjahon yovvoyi tabiat kuni keng nishonlanadi. Bu sana 2013-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasman e’lon qilingan. Sana bejiz tanlanmagan — 1973-yil 3-mart kuni CITES (Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya) qabul qilingan.

Har yili bayram ma’lum bir mavzu ostida o‘tkaziladi. So‘nggi yillarda mavzular biologik xilma-xillikni tiklash, yoshlarning ekologiyadagi roli va tabiatni barqaror boshqarish kabi yo‘nalishlarga qaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzida bir millionga yaqin tur yo‘qolib ketish xavfi ostida. Yovvoyi tabiat insoniyat uchun oziq-ovqat, dori-darmon va iqtisodiy resurs manbai hisoblanadi. Ekotizimlar barqarorligi esa iqlimni tartibga soladi. Deylik, o‘rmonlar karbonat angidridni yutib, atmosferani kislorod bilan ta’minlasa, changlatuvchi hasharotlar (asalarilar) qishloq xo‘jaligi hosildorligining katta qismini ta’minlaydi.

Bugungi ekologik vaziyat ona tabiatni, undagi fauna va florani asrab-avaylashni taqozo etmoqda. Bu borada ko‘plab davlatlarda milliy bog‘ va qo‘riqxonalar tashkil etilgan.

Jumladan, O‘zbekistonda ham bir qator qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar mavjud. Zomin milliy bog‘i, Chotqol biosfera qo‘riqxonasi, Surxon davlat qo‘riqxonasi kabilarning hududlarida noyob hayvonlar, jumladan qor barsi, jayron va turli endemik o‘simliklar muhofaza qilinadi.

Tabiatni borligicha saqlash, asrab-avaylash, atrof-muhitni chiqindilar, turli tashlamalar bilan ifloslantirmaslik, daraxt ekish va yashil hududlarni ko‘paytirish, insoniyat ongu tafakkurida ekologik madaniyatni oshirish bugunning eng dolzarb vazifasidir. Bularning barchasi yovvoyi tabiatni asrashga, kelajak avlodlarga yashillikni meros qoldirishga va eng muhimi, Yer sayyorasining ekologik muvozanatini muhofaza qilishga zamin bo‘ladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA