Ushbu sana butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bor zamondoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir.
Bugun Poytaxtdagi “Tashkent City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazida ham Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bilan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi maxsus maktablar, “Muruvvat” internat-maktablari tarbiyalanuvchilari, “Tabassum” ijodiy markazi, “Imkon” o‘quv-reabilitatsiya markazi, “Bilim Makon” innovatsion markazi, IIHUB – Xalqaro inklyuziv xab kabi muassasalar o‘z ijodiy ishlari, qo‘l mehnati mahsulotlari va o‘quvchilarning loyihalarini namoyish etdi.
Ko‘rgazmada o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati buyumlari, rassomlik namunalari, dekorativ mahsulotlar, intellektual loyihalar hamda turli ijodiy ishlanmalar tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola qilindi.
— Ko‘rgazmada ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Bu biz yoshlar uchun o‘z ijodimizni namoyish qilish, yangicha bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish imkoniyatidir, – dedi E’zoza Xayrullayeva. – Ko‘rgazmada tayyorlagan buyumlarim bilan ishtirok etdim. Rassomlik ishlari va dekorativ mahsulotlar, yumshoq o‘yinchoqlar yasaganman. Ular orqali his-tuyg‘ularim va orzularimni ko‘rsatishni istadim. Kelgusida o‘z ijodimni rivojlantirib, yangi ishlar tayyorlashni, qo‘l mehnatim va ijodim orqali kishilarga quvonch ulashishni maqsad qilganman.
[gallery-26538]
– Bugungi tadbirning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlarning ijodkorligi, salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishdir, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i — matbuot kotibi Dilfuzabegim Ro‘zmetova. – Har bir loyiha ortida ulkan mehnat va orzu-umidlar bor, eng muhimi, bu shaxslar teng huquqli fuqarolar sifatida doim e’tiborda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiylashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Nogironlikni baholashning yangi tizimi yaratildi. JSTning (WHO) WHODAS shkalasi asosida insonning kundalik hayotidagi faolligi va funksionalligini baholash amaliyoti joriy etildi. “Inson” markazi, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali va oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Natijada oylik murojaatlar 36 foizga ortdi.
Shuningdek, nogironlik belgilanadigan kasalliklar ro‘yxati 71 tadan 92 taga yetkazildi.
Avtomatlashtirilgan tizim orqali shaffoflik ta’minlandi: 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda og‘ir guruhga mansub fuqarolarga nogironlik belgilash kamaydi, yengil guruh (3-gruppa) belgilash esa ko‘paydi.
Joriy yilda 6 920 ta loyiha ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 95 foiziga inklyuziv talablar kiritildi. Shu bilan birga, 784 ta ovozli svetofor o‘rnatildi. 160 ta ko‘chada piyodalar yo‘laklari qayta jihozlandi. Protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 38 taga kengaytirildi. “Vaucher tizimi” joriy qilinib, vositalar yetkazib berish muddati 60 kundan 14 kunga qisqartirildi.
2025 yilda 112 ming nafar kishi protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Iqtisodiy faol nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 72 mingdan 214 ming nafarga yetdi. Ish beruvchilar uchun “daw.ihma.uz” platformasi ishga tushirildi.
643 ta inklyuziv guruh bolalar bog‘chalarida tashkil etildi. Umumiy ta’lim maktablarida inklyuziv sinflar soni 2,5 barobarga ortib, 2,3 mingtaga yetdi. 5 053 nafar bola inklyuziv ta’lim bilan qamrab olindi. 2,5 ming maxsus pedagog va assistent-pedagoglar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 280 ta maktabda to‘siqsiz muhit, 680 ta maktabda korreksion xonalar barpo etildi.
Maxsus maktablarda kasb, til va sport yo‘nalishidagi 30 ta loyiha orqali 950 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Tadbir ijodiy ko‘rgazma bilan cheklanmay, o‘zaro muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi. Tashrif buyuruvchilar bolalar va yoshlarning mahsulotlarini xarid qilish orqali ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qildi.
Shahnoza Mamaturopova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA