Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
11:01 / 2025-12-03

Har yili 3 dekabr sanasi dunyo miqyosida Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli qaroriga asoslanib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi teng ishtirokini ta’minlash va inklyuziv muhit yaratish zarurligini e’tirof etadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, nogiron shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish va ularning huquqlarini himoya qilish jamiyatning ijtimoiy barqarorligi, iqtisodiy rivojlanishi va insoniy qadriyatlarning mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, ularni zarur xizmatlar bilan qamrab olish va jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ushbu islohotlar nafaqat nogiron shaxslarning hayot sifatini yaxshilashga, balki ularning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan. 2025 yil holatiga ko‘ra, respublikamizda jami 1 million 58 ming nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lib, shundan 173 ming nafari nogironligi bo‘lgan bolalarni tashkil etadi.

Mahallalarda amalga oshirilgan ijtimoiy tadbirlar natijasida ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, jami 34,2 ming nogironligi bo‘lgan, lekin rasmiy belgilanishi bo‘lmagan shaxslar aniqlangan va ularga nogironlik belgilatildi. Shu bilan birga, joriy yildan nogironlikni belgilash jarayoni yagona standartlar va raqamlashtirilgan tizim asosida amalga oshirilmoqda. Murojaat qilish tartibi kengaytirilgan bo‘lib, shaxslar “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali yoki oilaviy shifokorlar orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega. Har bir bemorning kasalligi turiga va holatiga qarab, davolanish muddati individual tarzda belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotga to‘liq jalb qilish borasida protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash xizmati ham kengaytirildi. Shu yil davomida 91,9 ming shaxs zarur moslamalar bilan ta’minlandi. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3 baravar, 2024 yilga nisbatan esa 1,5 baravar oshgan bo‘lib, bunday xizmatlar uchun jami 138,2 milliard so‘m yo‘naltirildi. Kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan vositalar ro‘yxati 2024 yilda 18 tadan 38 tagacha kengaytirildi. Mazkur vositalarni olgan shaxslarning 7,3 ming nafari rasmiy bandligi ta’minlandi. 5 ming nafari ta’lim, 1 ming nafari adaptiv sport turlariga jalb qilindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash maqsadida joriy yildan ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi platforma ishga tushirildi. Mazkur dastur doirasida 27 ming nafar ishlash istagi bor shaxslar ro‘yxati shakllantirildi va ulardan 14 ming nafari ishga joylashtirildi. Yangi loyihalarni amalga oshirish orqali jami 150 ming nogironligi bo‘lgan shaxslar rasmiy bandlik bilan ta’minlandi.

Ta’lim sohasida ham inklyuziv yondashuv joriy qilinmoqda. Joriy yildan boshlab, barcha tuman va shaharlardagi bog‘chalarda 656 ta inklyuziv ta’lim guruhi tashkil etilib, 1 ming 171 nafar nogironligi bo‘lgan bola ta’limga jalb qilindi. Shu bilan birga, harakatlanish imkoniyati cheklangan bolalarni ta’lim dargohlariga yetkazish maqsadida “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi. Xizmatdan 678 nafar shaxs foydalanib, jami 1,6 ming qatnov amalga oshirilgan. Bundan tashqari, 2025 yildan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 458 ta kunduzgi parvarish guruhi tashkil etildi va shu orqali 3 ming 457 nafar bola parvarish, ta’lim va tarbiya xizmatlari bilan qamrab olindi.

Adaptiv sport va jismoniy faollik sohasida ham sezilarli yutuqlar mavjud. Joriy yilda ishga tushirilgan adaptiv sport turlari reyestriga jami 89 ta sport turi kiritilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud imkoniyatlar kengaytirildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi ham rivojlanmoqda. Joriy yil davomida 27,2 ming shaxs agentlik tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, 23 ming shaxs reabilitatsiya qilindi. Shuningdek, harakatlanishda qiynalayotgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj 24,5 ming nafar shaxs “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga teng imkoniyatlar yaratish O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy siyosatida muhim o‘rin tutadi. Bu boradagi davlat yondashuvi, avvalo, Konstitutsiyada mustahkamlangan inson huquqlariga hurmat prinsipi, kamsitmaslik tamoyili va ijtimoiy adolat g‘oyalariga tayanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatga oid, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlari turli qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida” va boshqa ko‘plab hujjatlar mavjud. Bu me’yoriy hujjatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy huquqlarini kafolatlash, ularni mehnat jarayoniga jalb etish, zarur sharoitlar yaratish va ijtimoiy himoya qilishni ta’minlaydi.

Davlat siyosatining eng asosiy tamoyillaridan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqa fuqarolar bilan teng huquq va imkoniyat yaratishdir. Bu yondashuv O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham aniq o‘z ifodasini topgan. Qomusimizning 18-moddasida barcha fuqarolarning jinsi, irqi, millati, dini, e’tiqodi yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlangan. Bu modda nogironligi borligi tufayli hech bir shaxsning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyilini kafolatlaydi. 39-moddada esa har kimning qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda yoki boquvchisiz qolganda ijtimoiy ta’minot olish huquqi tasdiqlangan bo‘lib, bu norma nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham asosiy ijtimoiy kafolatlardan biridir. Shuningdek, 45-modda voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini yuqori darajada e’tirof etadi. Bu kabi konstitutsiyaviy kafolatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tartibga soluvchi 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Bular qatoriga 40 dan ortiq qonun, 160 dan ortiq qonunosti hujjati kiradi. Ushbu hujjatlar nogironlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotda teng ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan. 

Shunday qilib, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash faqat ijtimoiy yordam bilan cheklanmaydi, balki ularning jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol, mustaqil va barqaror ishtirokini ta’minlashga qaratilgan siyosatdir. Bu siyosatning asosida inson qadr-qimmati, tenglik va kamsitmaslik tamoyillari yotadi. Davlat tomonidan yaratilayotgan huquqiy yondashuv, inklyuziv ijtimoiy tizimlar va xalqaro normalarga muvofiq yondashuv nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada ochiq, adolatli va qulay jamiyat barpo etishning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA