Tabiat muvozanatini saqlashda har bir jonzotning o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, qushlar tabiatda uchraydigan barcha mavjudotlar ichida eng ko‘p zavq bag‘ishlaydigani, rang-barangligi bilan eng ko‘zga tashlanadigani, yerdagi hayot go‘zalligining ajoyib timsolidir. Qolaversa, ular hasharotlar va mayda kemiruvchilar sonini tartibga solishda, urug‘larning tarqalishida muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qushlarning 9 mingdan ortiq turi mavjud bo‘lib, 100 milliardga yaqin qushlar yashaydi, deb taxmin qilinadi. Ammo qush turlarining ko‘pchiligi xavf ostida, ba’zilari esa butunlay yo‘qolib ketgan. O‘zbekiston faunasida esa qushlarning 440 dan ortiq turi ma’lum.

Yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti — Birdlife international har yili sentyabr oyining oxirida kuzgi Qushlarni kuzatish kunlarini o‘tkazadi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad qushlarni va ular yashaydigan joylarni muhofaza qilish muammolariga jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iborat.
Qushlarni kuzatish kunlarini yurtimizda ham o‘tkazish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirib kelinadi. Jumladan, mas’ul vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar ishtirokida konferensiyalar, davra suhbatlari va uchrashuvlar, tadbirlar tashkil etiladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun bilan qushlarning himoyasi ta’minlangan. Sayyor qushlarni o‘ldirish va uyalarini buzish taqiqlangan, yirtqich qushlar ham qonun bilan himoyalangan. Qushlarning ko‘payish davrida ularni ovlash taqiqlanadi. Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha qo‘riqxonalarda noyob qush turlari muhofaza qilinib, ko‘paytirib kelinadi.
M.Komilova, O‘zA