Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2956 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan tadbirkorlarga berilgan 112 ta davlat mulki ob’ekti nazoratga olingan
17:09 / 2019-12-18

Namangan viloyatida aholining turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda ichki imkoniyatlar, foydalanilmay turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan mavjud resurslarni faollashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.


Namangan viloyatida aholining turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda ichki imkoniyatlar, foydalanilmay turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan mavjud resurslarni faollashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi hamda respublika “Auksion” elektron onlayn auksion savdolarni tashkil qilish markazi hamkorligida tashkil etilgan davlat ob’ektlari yarmarkasi ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi.

Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida tashkil etilgan yarmarkada jismoniy va yuridik shaxslarga viloyat hududida bo‘sh turgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, savdoga chiqarilgan davlat aktivlari taklif etildi.

Umumiy maydoni 13 gektardan ziyod 131 ta yer uchastkasi, ijara shartnomasi asosida foydalanish uchun 32 ta davlat ob’ekti, erkin iqtisodiy zonalardan 400 gektardan ziyod yer maydoni va 22 ta davlat ob’ekti, kichik sanoat zonalaridagi 21 ta bo‘sh turgan ob’ekt va yer uchastkalari, shuningdek, savdoga chiqarilgan 6 ta davlat aktivi tadbirkor va ishbilarmonlarga sotib olish, ijara shartnomasi asosida foydalanish, davlat-sheriklik tamoyili asosida loyihalarni amalga oshirish uchun taqdim etildi.

Mutasaddilar tomonidan yarmarkaga qo‘yilgan ob’ektlarni olish shartlari, mazkur ob’ektlarda muayyan loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar, ulardan foydalanishda beriladigan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yilning o‘tgan davrida 140 ta davlat mulki ob’ekti tadbirkorlik sub’ektlariga sotilgan bo‘lib, shundan 26 tasining investitsiya majburiyatlari qabul qilindi. Ularda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilib mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Ayni paytda 38 million dollar va 110,8 milliard so‘m investitsiya kiritish va 2956 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berilgan 112 ta davlat mulki ob’ekti nazoratga olingan. 

Bundan tashqari, viloyatning shahar va tumanlarida o‘tkazilgan xatlov natijasida aniqlangan 1 ming 812 ta davlat mulki ob’ektidan 1 ming 751 tasi kichik va o‘rta biznes ob’ektlariga ijaraga berildi. Ularda ko‘plab ish o‘rinlari yaratildi.