Har yili 29 oktyabr butun dunyo jamoatchiligi Butunjahon insultga qarshi kurash kunini nishonlaydi. Ushbu sana eng xavfli va keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lgan insultga qarshi global kurashni ifodalaydi. 2006 yilda Butunjahon insultga qarshi kurash tashkiloti tomonidan tashkil etilgan ushbu kunning maqsadi — aholining kasallik haqidagi bilimini oshirish, erta tashxis va profilaktika choralarini kuchaytirish, shuningdek, hayotni saqlab qolish uchun birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning ahamiyatini eslatish.
Tibbiyotda insult – miya qon aylanishining buzilishi, ya’ni miya hujayralarining qon bilan ta’minlanishi to‘xtab qolishi natijasida ularning nobud bo‘lishi bilan kechadigan holat. Natijada bemorda umumiy nevrologik belgilar, ya’ni nutq, harakat, xotira kabi funksiyalarning buzilishi kuzatiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, insultni qo‘zg‘atuvchi asosiy omillar: gipertoniya (yuqori qon bosimi), qandli diabet, xolesterin darajasining yuqoriligi, semizlik va jismoniy harakatsizlik, chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish. Ushbu xavf omillari hayot tarzi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ularni nazorat qilish orqali insultning oldini olish mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 6,7 milliondan ortiq inson insult tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Bu kasallik yurak ishemik kasalligi va saratondan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi o‘lim sababi sifatida qayd etiladi. Qon tomir kasalliklari esa dunyo bo‘yicha o‘limning yarmidan ko‘pini tashkil etmoqda.
Avvallari insult asosan 55 yoshdan oshganlarda uchrasa, bugungi kunda kasallikning uchdan bir qismi mehnatga layoqatli 25–50 yosh oralig‘idagi kishilarda aniqlanmoqda. Bu esa jahon iqtisodiyoti, ijtimoiy hayot va mehnat unumdorligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson hayot tarzini sog‘lomlashtirish orqali insult xavfini 40–60 foizgacha kamaytirish mumkin. Shuningdek, aholining tibbiy savodxonligini oshirish profilaktikaning ajralmas qismi hisoblanadi.
29 oktyabr kuni dunyoning turli mamlakatlarida tibbiyot muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, nodavlat va yoshlar birlashmalari ishtirokida turli kampaniyalar, ochiq ma’ruzalar, bepul tibbiy ko‘riklar, marafonlar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarning bosh maqsadi jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilish, birinchi yordam ko‘rsatishning ahamiyatini tushuntirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat. Ayniqsa, yuz, qo‘l, nutq belgilariga e’tibor qaratish orqali erta tashxis qo‘yish usuli butun dunyoda faol targ‘ib qilinmoqda.
Insult – tibbiyotning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, u nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga ham sabab bo‘ladi. Shu sababli, Butunjahon insultga qarshi kurash kuni faqat esdalik sana emas, balki insoniyat uchun hayot sabog‘idir. Har bir inson o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashsa, sog‘lom turmush tarzini odatga aylantirsa, bu global muammoning ta’sirini kamaytirish mumkin. Shunday ekan, 29 oktyabr faqat kalendar sanasi emas, balki sog‘lom hayot sari bir qadam tashlash kunidir.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA