Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
29 may - BMT tinchlikparvar kuchlari kuni
05:00 / 2022-05-29

2002 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan 29 may xalqaro tinchlikparvar kuchlar kuni sifatida e’lon qilingan.

So‘nggi yillarda mazkur sanani har xil shiorlar, turli tadbirlar orqali nishonlash odat tusiga kirgan.

Shu kuni butun dunyo bo‘ylab xizmat qilayotgan tinchlikparvar kuchlar fidoyiligiga hurmat bajo keltiriladi, BMTning turli mamlakatlarda azob-uqubatni yengillashtirish, urushayotgan tomonlarni yarashtirish uchun qilayotgan ishlari esga olinadi.

1948 yil 29 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ilk tinchlikparvar missiyasini tashkil etganda Kengash palatasi a’zolari BMT olib borayotgan tinchlikparvarlik harakati qay darajada rivojlanishini tasavvur qila olmas edi.

Qolaversa, yengil qurollangan tinchlikparvar kuchlarning suveren davlatlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i bo‘ylab piyoda patrullik qilgan davri ham allaqachon o‘tib ketgan.

BMTning hozirgi tobora murakkablashib borayotgan, ko‘p qirrali tinchlikparvar operatsiyalari o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga rioya etilishini tekshirish bilan cheklanib qolmaydi, balki, ko‘pincha o‘nlab yillar davom etgan to‘qnashuvdan so‘ng halokat yoqasida turgan mamlakatlarni qayta tiklash muammosini hal qiladi.

Bundan tashqari moviy dubulg‘alar saylov tashkil  etish, politsiya va sud tizimini isloh qilishda faol qatnashadi, inson huquqini ilgari surish hamda himoya qilish, erkaklar va ayollar tengligi tamoyilini qo‘llab-quvvatlash, qochqinlar va ko‘chirilganlarni o‘z yashash joyiga qaytarishni qo‘llab-quvvatlash, sobiq jangchilarni ixtiyoriy ravishda qurolsizlantirish, minalardan tozalash kabi muhim va mas’uliyatli vazifalarni ham bajaradi.

E’tiborli jihati shundaki, 70 yil ichida 1 milliondan ortiq erkak va ayol BMT bayrog‘i ostida xizmat qilgan. Binobarin, tinchlikparvarlar ishi xavf-xatarga to‘la. Shu sababli BMT ularning mehnatini olqishlaydi, shuningdek, halok bo‘lgan askarlar xotirasini hurmat qiladi.

Tashkilot tarixida 4200 ga yaqin moviy dubulg‘ali tinchlik yo‘lida jonini fido qilgan.

Shu munosabat bilan har yili xalqaro tinchlikparvar kuchlar kunida Nyu-Yorkdagi qarorgohda BMT bayrog‘i ostida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan tinchlikparvarlar xotirasiga gul qo‘yish marosimi o‘tkaziladi.

Mehribonlik uylariga, maktablarga tashriflar, sayohatlar uyushtiriladi, turli sport tadbirlari, badiiy, adabiy tanlovlar, fotoko‘rgazmalar, konsert, anjuman, seminarlar tashkil etiladi, ko‘chat ekiladi.

Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA