2025-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yashovchi pensiya va nafaqa oluvchilar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l va aviatashuvlarda 50 foizlik imtiyoz bilan sotilgan chiptalar xarajatlarini qoplash maqsadida 53 245,6 mln. so‘m kompensatsiya mablag‘lari moliyalashtirilgan. 286,9 ming nafar yo‘lovchi ushbu imtiyozlardan foydalangan.
Aviatashuvchilarga mahalliy yo‘nalishlarda aviaqatnovlar uchun chipta narxining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lib, yil yakunida 231,2 ming nafar yo‘lovchiga imtiyozli tariflar asosida xizmatlar ko‘rsatilgan. Ushbu imtiyoz bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish uchun yil yakuni bo‘yicha jami 24 439,0 mln. so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.
Bu haqda Transport vazirligining axborotida ma’lum qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Transport vazirligining 2025-yilda ajratilgan byudjet mablag‘lardan foydalanish, shuningdek rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati yuzasidan hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, hisobot yilida avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturi va boshqa dasturlar doirasida ajratilgan mablag‘lar ham samarali o‘zlashtirilgan.
Muhokamalarda deputatlar sohada raqobat muhitini yanada rivojlantirish, infratuzilma ob’ektlari holatini yaxshilash zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish, mablag‘lar sarfini natijadorlik mezonlari asosida baholash va hisobotlarni yanada puxta tayyorlash lozimligi ta’kidlandi. Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
M.Komilova, O‘zA