Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 1,2 million odam gepatit B virusi, 1 million odam esa gepatit C virusi bilan kasallanadi. Eng achinarlisi, ushbu viruslar tufayli har yili 1,3 million inson hayotdan ko‘z yummoqda. Bu ko‘rsatkich hatto OIV/OITS va bezgakdan kelib chiqadigan o‘limlardan ham yuqoridir.
Gepatit — bu faqat shifoxonalarda hal etiladigan muammo emas, barchamizning umumiy mas’uliyatimiz. Bugungi kun bizdan birlashishni, bir-birimizga g‘amxo‘r bo‘lishni, va eng muhimi, o‘zimiz va yaqinlarimizni sog‘liqqa oid xatarlardan himoya qilishni talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Respublika virusologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashabbusi bilan tayyorlangan maxsus video qo‘llanma bu sohadagi bilim va amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.
Unda gepatitning turlari, yuqish yo‘llari, oldini olish usullari va zamonaviy davolash imkoniyatlari haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Beparvolikdan saqlanish va hayot tarzimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydi.
Profilaktika — eng kuchli qurol sanalar ekan, video qo‘llanmani albatta, tomosha qiling. Yaqinlaringizga ham ulashib qo‘ying.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA