Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi organlari tomonidan aliment undirish hamda oilalar manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan yil aliment oluvchilar manfaatlarini ta’minlash maqsadida 2,2 milliard so‘m naqd pul mablag‘lari oldindan to‘lov sifatida undirilishi ta’minlandi. Shuningdek, 135 nafar undiruvchiga Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan 1 milliard 446 million so‘mga yaqin mablag‘ to‘lab berildi.
– Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlar doirasida 2728 nafar ishsiz aliment to‘lovchi ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi, – deydi MIB Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Jaloliddin Sherboyev. – Shu bilan birga, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan 995 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka, 137 nafar shaxs esa jinoiy javobgarlikka tortildi.
Mahalla “yettiliklari” bilan hamkorlikda o‘tkazilgan profilaktik suhbatlar va ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida 6798 ta oila yarashtirilib, oilalar tiklanishiga erishildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri