“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida boshlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami tantanalari arafasida Farg‘ona viloyatida ezgu amallarga kirishildi.
Qo‘shtepa tumanida “Fergana Global textile” paxta-to‘qimachilik klasteri homiyligida 27 nafar ehtiyojmand oila farzandlarining sunnat to‘ylari o‘tkazildi.
To‘yga bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, jamoatchilik faollari taklif etildi.

Tuman sektorlari rahbarlari, mahallalar oqsoqollari bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

Bolajonlarni qutlash uchun so‘z olgan viloyat rahbari mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasterlari jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tobora katta o‘rin egallayotganini qayd etdi.

Mazkur xayriya tadbiri ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yurtimizda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarga, xayrli tashabbuslarga “Fergana Global textile” rahbarlarining “labbay” deb bergan javobi ekani ta’kidlandi.

To‘yda bolalarga yangi sarpolar kiydirilib, har biriga velosiped va boshqa qator sovg‘alar topshirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA