Mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan aynan mazkur sohalarni rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Chunki ushbu sohalar aholi farovonligini va ularning bandligini ta’minlashda zarur yo‘nalishlardir.
Shu bois, bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, to‘qimachilik sanoatida xalqaro brendlarni jalb qilish va yetkazib berish zanjiriga olib kirish masalasi dolzarbdir.
“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida quyidagilarni ta’kidladi:
– Uyushma tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tashqi bozorlarga chiqishida ko‘maklashish, xalqaro brendlar va sours kompaniyalarning yetkazib berish zanjiriga qo‘shilishida ko‘maklashish maqsadida bir qator muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, xalqaro tashkilotlar va hamkorlar ko‘magida yangi bozorlarni o‘rganish va xaridorlarni jalb qilish bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida 30 dan ortiq davlatga biznes turlari amalga oshirildi. 1000 dan ortiq turli darajadagi kompaniyalar bilan mahsulot yetkazib berish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazildi. 15 ta xalqaro forum va ko‘rgazmalarda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati keng targ‘ib qilindi.
Bu borada o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mahsulot sifatini oshirish va brendlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida 10 dan ortiq xalqaro standartlar 250 dan ortiq korxonalarda tatbiq etildi. Bu organik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga, ishlab chiqarishda barqarorlikka erishishga va yangi bozorlarga kirishga imkon yaratdi. BMTning Yevropa Ittifoqi bo‘yicha komissiyasi bilan birgalikda ishlab chiqarish zanjirida shaffoflikka erishish maqsadida DNA tizimi korxonalarda amalga oshirilayotir.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash va sohaga xalqaro ekspertlarni keng jalb qilish maqsadida Xalqaro mehnat tashkilotining Better Work dasturi, Xalqaro Moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Bangladesh va Shri-Lanka davlatlariga biznes turlar tashkil etildi, brendlar bilan ishlash malakasi o‘rganildi. Natijada bangladeshlik ekspertlarni mahalliy korxonalarga jalb qilish ishlari boshlandi.
Better Work dasturi va Better Cotton loyihalari O‘zbekistonda rasman faoliyat boshlashi natijasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti – GIZ ko‘magida 27 ta mahalliy korxonalarda munosib mehnat va barqarorlik tamoyillariga asoslangan ishlab chiqarish tizimi keng joriy etilmoqda. Bu esa Disney, C&A, H&M kabi 40 dan ortiq brendlarga mahsulot yetkazib berish imkonini berdi.
To‘qimachilik sanoatidagi keng ko‘lamli islohotlar va targ‘ibot ishlari xalqaro hamjamiyatning e’tiboriga tushdi va e’tirof etildi. Buning natijasida O‘zbekiston ilk bor ikkita yirik Xalqaro to‘qimachilik va tayyor kiyim federatsiyalarining xalqaro konferensiyalariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Xitoyning Kechao va AQSHning Filadelfiya shaharlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyalarda ITMF Annual Conferece & IAF World fashion Convention-2024 tadbirlari 2024 yilning 8-10 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rasman e’lon qilindi. Ushbu tadbirlar 600 dan ortiq brend, yirik assotsiatsiya, sours kompaniya va global to‘qimachilik sanoatining yirik vakillarini bir joyga jamlaydi. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatidagi islohotlarni keng namoyish qilish va yangi hamkorlarni topish uchun unikal imkoniyat beruvchi ushbu tadbirlarga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, keyingi 5 yilda 430 dan ortiq yangi ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilgan, 3.6 mlrd. dollarlik mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilingan, 95 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Sohada qariyb 600 dan ortiq aholi bandligi ta’minlangan. Jami 70 dan ortiq davlatga 3.5 mlrd. dollarlik mahsulot yetkazib berilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA