Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
27 mingdan ortiq fuqaro xorijga manzilli ishlarga jo‘natilgan
09:45 / 2022-10-13

Mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash dolzarb masalalardan biridir.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan AOKAda agentlik axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berildi.  

– Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida xorijning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan muzokaralar olib borildi, – dedi Ortiqxo‘ja Norov. – Buning natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 474 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 13 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan. 

2022 yilning o‘tgan 9 oyi davomida Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Serbiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya va boshqa davlatlarga jami 27 mingdan ortiq fuqaro manzilli ishlarga jo‘natilgan. 

Alohida ta’kidlash joiz, xorijiy tashkilotlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida, Koreya Respublikasiga 3 ming 825 nafar, Angliyaga esa 77 nafar yurtdoshimizni ishga jo‘natishga erishildi. 

Agentlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan yana biri o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy yordam ko‘rsatish hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishdagi raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, jami 206 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan.  

Shundan 183 mingdan ortig‘iga maslahat xizmati, 6 mingdan ziyodiga huquqiy, 15 mingdan ortig‘i ijtimoiy, 2 ming 595 nafariga moddiy yordam, shundan, 1009 nafariga BHMning ikki baravaridan, jami 50 ming 255 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 198 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 844 nafar fuqaro esa O‘zbekistonga olib kelingan. 

Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimizning ish beruvchilaridan 834 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish bo‘yicha Angliya, Yaponiya, Germaniya, Serbiya, Isroil va Janubiy Koreya ish beruvchilari bilan erishilgan kelishuvlar kelgusida ko‘plab fuqarolarimizni ushbu davlatlarga yuqori maoshli ishlarga jalb qilish imkonini beradi. 

bugungi kunda chet elda ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun Germaniya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

M.Komilova, 
O‘zA