Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi hamda DXXning Aviatsiya xavfsizligi xodimlari hamkorligida qadimiy numizmatika buyumlarini respublikamiz hududidan olib chiqishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Ma’lum qilinishicha, «Buxoro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan «Buxoro – Istanbul» yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketish arafasidagi yo‘lovchi tegishli bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Oqibatda ushbu fuqaro o‘zining qo‘l yuklari orasiga qadimiy tangalarni berkitgan holda olib chiqishga urinayotgani aniqlangan. Qayd etilishishicha, mazkur 263 dona qadimiy tangalarning bir qismi dastlabki tahlillarga ko‘ra, bundan 500 yil muqaddam zarb etilgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda mazkur numizmatika buyumlarining qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA