Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
26 yanvar – Hindistonning milliy bayrami
14:05 / 2024-01-26

Janubiy Osiyodagi davlat – Hindiston Respublikasi – dunyoda eng ko‘p millatli mamlakat bo‘lib, bu yurtda turli tillarda so‘zlashuvchi bir necha yuz millat, elat va qabila yashaydi. Hindistonda rasmiy tillar – hind va ingliz tillari. Aholining ko‘pchiligi, 83 foizi hindu diniga e’tiqod qiladi. Islom (10 foiz), nasroniy (2 foiz), sikh (2,5 foiz) va boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilar ham bor.

Milliy bayramlari: 26 yanvar – Respublika kuni va 15 avgust – Mustaqillik kuni.

Hindiston – agrar-industrial mamlakat bo‘lib, sanoat ishlab chiqarishga jalb qilinayotgan xorij sarmoyasi miqdori jihatidan dunyodagi rivojlangan o‘n davlat qatoriga kiradi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliq ovlash 25 foiz, sanoat 30 foiz, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i 45 foizni tashkil etadi. Yalpi milliy mahsulotning 28 foiziga teng davlat sektori harbiy sanoat tarmog‘i, atom energetikasi, transport va aloqada asosiy o‘rin egallaydi.

Mayda dehqon xo‘jaliklari ustunlik qiladigan qishloq xo‘jaligida 8 milliondan ziyod fermer xo‘jaligi bor. Mamlakatda aholi soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, ichki ehtiyoj to‘liq qondirilibgina qolmay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘p qismi eksport ham qilinadi. Soha dehqonchilikka ixtisoslashgan. Asosiy ekinlar – sholi, bug‘doy, tariq, dukkakli don ekinlari va moyli o‘simliklar. Hindiston shakarqamish, yer yong‘oq, choy, kana kunjut, paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda ilg‘orlar safida. Shuningdek, mamlakatda kauchuk, kofe, makkajo‘xori, tamaki, qalampir, ziravorlar (murch, kardamon, mushk, dolchin va hokazo) yetishtiriladi, kokos palmasi, banan, sitrus va boshqa mevali daraxtlar ham o‘stiriladi. Chorvachilikda qoramol, qo‘y, echki, cho‘chqa, yilqi, tuya, parranda boqiladi.  Pillachilik rivojlangan. Baliq va dengiz hayvonlari ovlanadi. O‘rmon xo‘jaligida qimmatbaho yog‘och tayyorlanadi.

Sanoatda marganets, slyuda (dunyoda oldingi o‘rinlardan birida), tosh ko‘mir, titan, temir rudasi, oltin, tabiiy gaz, xromit, neft, boksit va boshqa moddalar qazib olinadi. Yetakchi sanoat tarmoqlari – to‘qimachilik (asosan, kanop-jut va ip-gazlama), oziq-ovqat (qand-shakar, tamaki), teri-poyabzal sanoati rivojlangan. Neftni qayta ishlash, sement, qog‘oz, shisha-oyna ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Qora va rangli metallurgiya, kimyo sanoati, mashinasozlik rivojlangan.

Dunyodagi axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi korxonalarning yarmidan ko‘pi Hindistonda joylashgan. Yadroviy texnologiya va koinotni zabt etish bo‘yicha ham ushbu davlat yetakchi.

Mamlakatda temir yo‘l transporti muhim rol o‘ynaydi. Temir yo‘llar uzunligi 75 ming km, 15 foizi elektrlashtirilgan. Kemalar  qatnaydigan daryo yo‘llari 14 ta. Tashqi savdo aylanmasining 90 foizi dengiz orqali amalga oshiriladi. Yirik portlari – Mumbay, Kalkutta, Kochin, Vishakhapatnam, Chennay. Hindistonning ko‘p shaharlari jahondagi yirik megapolislar bilan havo yo‘li orqali bog‘langan.

Hindiston sog‘liqni saqlash sanoati shifoxona, klinik sinov, autsorsing, telemeditsina, tibbiy turizm, tibbiy sug‘urta va tibbiy asbob-uskunalarni o‘z ichiga oladi. Soha qamrov kengayishi, xizmat, davlat va xususiy sektor tomonidan xarajat oshishi tufayli jadal sur’atda o‘sib boryapti. Amaliyotda xalq tabobati ham keng qo‘llanadi. Bu yurtda ko‘plab tibbiyot markazlari,  zamonaviy shifoxona va ambulatoriya tarmoqlari mavjud.

Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari keyingi davrda ancha ilgarilagan. Hindiston mustaqillikka erishgan payt mamlakat aholisining 96 foizi savodsiz edi. 1949 yil qabul qilingan konstitutsiya bo‘yicha 6-14 yosh bolalar uchun bepud majburiy ta’lim joriy etildi. 2005 yil savodxonlik darajasi 52 foizga yetdi. Katta yoshli aholi o‘rtasida savodsizlikni tugatish maqsadida maxsus maktablar ochilib, 120 million kishini qamrab oldi. Hindiston xalq ta’limi tizimi maktabgacha ta’lim muassasalari, boshlang‘ich va kichik asosiy maktab, to‘liqsiz o‘rta va to‘liq o‘rta maktabdan iborat. Malakali ishchilar bilim yurtida tayyorlanadi. Oliy o‘quv yurtida o‘qish muddati 5-6 yil, ta’li olish pulli. Davlat va xususiy o‘quv yurtlari mavjud. Hindistonda 219 universitet va institut, 7 mingdan ziyod kollej bor. Yirik, qadimiy oliy o‘quv yurtlari: Bombey, Kalkutta, Chennay universitetlari. 1902 yil tashkil etilgan Kalkuttadagi milliy kutubxona, Dehlidagi ommaviy kutubxona (1951 yil), Chennaydagi ommaviy markaziy kutubxona (1896)  va 460 dan ortiq muzey faoliyat yuritadi. Chennayda 1851 yil tashkil etilgan davlat muzeyi, Dehlidagi hozirgi zamon san’ati milliy galereyasi (1954), Yangi Dehlidagi Milliy muzey, Varanasi shahridagi San’at muzeyi, Kalkuttadagi Hindiston muzeyi (1814), Birla Texnologiya muzeyi, Mumbaydagi G‘arbiy Hindiston muzeyi, Dehlidagi Javoharlal Neru (1964), Mahatma Gandi (1948) memorial muzeylari sayyohlar bilan doimo gavjum.

Hindiston OAV o‘ziga xos va mos tarixga ega. Bu afsonaviy diyorda 84 tilli, 51 million nusxadan iborat 19 ming gazeta, 35 million nusxadan iborat 18 ming jurnal nashr etiladi. 1923 yilda nashr etila boshlagan “Hindiston vaqti”  (Hindustan times, ingliz tilidagi kundalik gazeta), 1932 yildan buyon chiqayotgan “Hind ekspressi”, (Indian express, ingliz tilidagi kundalik gazeta), “Hindiston vaqti” (Times of India, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1838 yilda tashkil etilgan), “Davlat arbobi” (Statemen, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1875), “Milliy xabarchi” (National Herald, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1938), “Yangi Hindiston vaqti” (New Bharat Times, hind tilidagi kundalik gazeta, 1947), “Yangi yo‘l” (Naya path, oylik adabiy-badiiy va ijtimoiy-siyosiy jurnal, 1954), “Xalqaro munosabatlar xabarchisi” (Foreign Affairs Reports, ingliz tilidagi oylik jurnal, 1952), “Hayot” (urdu tilidagi haftanoma, 1963), “Hindu” (ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1878), “Hindustan” (hind tilidagi kundalik gazeta, 1933), “Chaqmoq” (ingliz, urdu, hind, marathiy tillaridagi haftalik jurnal, 1941) mamlakatdagi eng yirik, aholini hamda sayyohlarni yangiliklar olamiga yetaklovchi ishonchli nashrlardir.

Umumhindiston radiosi 1936 yil, Hindiston televideniyesi 1976 yil faoliyat boshlab, eshittirishlar 1927, ko‘rsatuvlar 1959 yildan efirga uzatila boshlangan.

Hindiston dagi eng yirik axborot agentligi – “Hindiston ishonchli matbuoti” (“Press Trust of India”) – “PTI”, 1947 yil tashkil etilgan.

Dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq vakolatxonasi mavjud agentlik Hindiston va boshqa Osiyo mamlakatlari OAVni yangiliklar bilan ta’minlaydi. Bosh qarorgohi Nyu-Dehlida joylashgan “PTI” Bangkok, Pekin, Kolombo, Dubay, Islomobod, Kuala-Lumpur, Moskva, Nyu-York va Vashingtonda idora ochgan. 100 dan ziyod axborot agentliklari, jumladan “Associated Press”, “Agence France-Presse”, “The New York Times”, “Bloomberg” bilan ma’lumot almashadi. “PTI”ning Hindistondagi eng yirik obunachilari “Times of India”, “Indian Express”, “Hindustan Times”, “All India Radio” va “Doordarshan” sanaladi. Hozirgi kunda agentlik 500 dan ortiq to‘liq shatatdagi xodimlar, jumladan 400 ga yaqin jurnalist bilan ishlaydi. Mamlakatning aksariyat tumanlaridagi qarorgohlarda 400 ga yaqin muxbirlari bor.

“Press Trust of India” Janubiy Osiyodagi sun’iy yo‘ldosh aloqasiga ega yagona axborot agentligidir.

“Hindiston yangiliklari birlashmasi” (“United News of India UNI”) 1961 yil tashkil topgan. Mazkur axborot agentligi hind tilidagi yangiliklar xizmati sifatida faoliyat boshlagach, 1992 yil urdu tilidagi yangiliklar xizmatini ishga tushirdi va Hindistondagi urdu tilida yangilik taqdim etuvchi ilk axborot agentligiga aylandi. Hozir bu muassasa ingliz, hind, urdu va kannada tillarida axborot tarqatadigan mamlakatdagi ikkinchi yirik agentlikdir. Hindistonning barcha shtat poytaxtlari va yirik shaharlarida ushbu tashkilot byurosi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 26 dekabrda e’tirof etgan. 1992 yil 18 mart kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgani to‘g‘risida bitim imzolangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA