FOTOREPORTAJ
2023 yilda Namangandagi Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postida 31522 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan
Namangan ishlab chiqarish salohiyatining yuqoriligi, hunarmandchilik va tadbirkorlik sohasi barqaror rivojlanayotgani bilan respublika viloyatlari ichida ajralib turadi. Viloyatda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, ishbilarmonlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani xorijiy investorlarning ham e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda.
Viloyat eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish va tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish yo‘lida faoliyat yuritayotgan Namangan viloyat bojxona boshqarmasi bu yil tashkil etilganiga 32 yil to‘ladi.
Dastlab boshqarma tasarrufida 9 ta bojxona posti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib “Namangan aeroport”, “Kosonsoy”, “Pop” va “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postlari hamda “Namangan” va “Chust” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari mavjud.
Boshqarmaning “Kosonsoy” va “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postlari Qirg‘iziston Respublikasi bilan tutash joyda, “Pop” chegara bojxona posti esa Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan.
Boshqarma tizimida ayni kunda malakali, yuksak salohiyatli xodimlar tunu kun hushyorlik va sergaklik bilan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni sharaf va matonat bilan ado etib kelmoqda.
Statistik tahlillarga ko‘ra, boshqarma tomonidan o‘tgan 2023 yil davomida bojxona qoidalarini buzish bo‘yicha 759 ta holat aniqlanib, 42 milliard 571 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ushlab qolindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 123 ta holat aniqlangan bo‘lib, 13 milliard 739 million so‘mlik tovarlar ushlab qolindi.
Giyohvandlik va psixotrop moddalar hamda prekursorlarni noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududlarda tashilishini oldini olish maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida esa 18 ta holatda jami 33822,7 gramm giyohvandlik moddalari aniqlandi.
Shuningdek, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 10 ta holatda 20627 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy harakati oldi olindi.
Boshqarma tomonidan o‘tgan 2023 yil mobaynida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida 1838,4 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblanib, 874,7 milliard so‘m qismiga bojxona to‘lovlarida imtiyozlar berilib, qolgan 963,7 milliard so‘mi davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.
Imtiyozlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan olib kelingan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo va butlovchi buyumlarga, yangidan qurilib, ishga tushirilayotgan hamda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘llanildi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda Namangan viloyati respublikada eng yuqori o‘rinlarda turadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu ko‘rsatkichlarni yuqoriga ko‘tarayotgan eksport salohiyati yuqori korxonalar sifatida “Textile Finance Namangan”, “Ft Textile Group”, “Art Soft Holding”, “Uchkurgan Textile”, “Uztex Uchkurgan”, “Chust Textile”, “Toshbuloq-Teks”, “Namangan To'qimachi”, “Uz Chasys”, “Nafis-Charm” hamda “Iftihor Kiyim Sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
[gallery-15651]
Viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postida 2023 yil davomida 31522 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan. Shundan yashil yo‘lakka 7377 ta, sariq yo‘lakka 16619 ta va qizil yo‘lakka 7526 ta bojxona yuk deklaratsiyalari dastur tomonidan avtomatik taqsimlangan. Joriy yil davomida ushbu bojxona posti xodimlari tomonidan 963,68 milliard so‘m bojxona to‘lovlari undirildi. Undan tashqari 39,60 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirib olindi.
Hotam MAMADALIEV (curat), O‘zA