Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2023 yil 23 noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Toshkent shahrida test rejimida daraxtlarni pasportlashtirish jarayonini o‘tkazish vazifasi belgilab qo‘yilgan.
Ayni damda respublikadagi barcha daraxtlar raqamlashtirilib, xatlovdan o‘tkazilmoqda. 1-bosqich doirasida barcha viloyatlardagi yashil qoplam maydoni aniqlandi. Bunda hududlardagi barcha daraxtlar va butalarning maydoniga, sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan fotosuratlardan foydalanib, geoaxborot tizimi orqali ishlov berildi.
Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birga sun’iy yo‘ldoshdan olingan kosmik suratlar, masofadan zondlash, geoaxborot tizimlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yurtimizdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, joylashuv koordinatalari, soni aniqlandi hamda raqamli xaritasi yaratildi. Bunda AQSH, Kanada, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalari o‘rganildi.
Daraxtlarning sanog‘ini amalga oshirishda eng kamida 5 yosh va undan yuqori bo‘lgan daraxtlar hisobga olindi. Mazkur tadqiqot ishlari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha viloyatlar va tumanlar kesimida amalga oshirildi. Jami 254 million 162 ming 505 dona daraxtning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2-3-bosqichda xatlov ishlari inspektorlar tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshirilmoqda.
Bunda “Yashil makon” elektron platformasi takomillashtirilib, daraxtlar xatlovi bo‘yicha daraxatlar reyestri tizimi joriy etildi. Ushbu tizim orqali maxsus planshetlar yordamida daraxtlarning turi, diametri, holati, koordinatasi, fotosi, va mas’ul tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilib borilmoqda.
Hozirgi kunda respublika bo‘yicha jami 200 mingdan ortiq daraxt xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar elektron platformaga kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, kunlik daraxtlar xatlovi natijalarini yashilmakon.eco veb-sayti orqali kuzatib borish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, sinov tariqasida Toshkent shahridagi daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularni pasportlashtirish uchun 100 ta komplekt qurilmalar xarid qilinishi rejalashtirilgan. Daraxtlarni pasportlashtirish ishlari natijalari daraxtlarga ID raqam berish orqali “Yashil makon” elektron platformasida aks ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA