1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Jizzax shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari uchun 2500 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Bu muhim voqea nafaqat universitetning ta’lim salohiyatini yanada mustahkamladi, balki hukumat tomonidan yoshlarning ta’lim olish va tarbiyalanishiga berilgan katta e’tiborning yana bir namoyishi bo‘ldi.


Yangi bino filologiya fanlari uchun maxsus mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy o‘quv jihozlari va texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlangan. Bu talabalarga sifatli ta’lim olishdan tashqari, mustaqil tadqiqotlar olib borish, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Jizzax viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i – Zafar Azimov, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Sovurboyev, universitet rahbarlari, professor-o‘qituvchilari, talabalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA