English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
25 yil avval tatbiq etilgan loyiha bugun milliy brendga aylandi
10:40 / 2025-09-08

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati jahon bozorida tobora o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Bu jarayonda mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmasi muhim ahamiyat kasb etadi.

2004 yildan buyon tashkil etib kelinayotgan mazkur ko‘rgazma bu yil 25 yillik yubileyni nishonlamoqda. Unda to‘qimachilik va yengil sanoatning butun zanjiri: ip va matodan tortib tayyor mahsulotga, aksessuarlardan logistika va IT yechimlargacha namoyish etiladi.

Ko‘rgazma loyihasi direktori Aziza Alimovaning ta’kidlashicha, 2009 yilda ilk bor joriy etilgan “bayerlik dasturi” mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun jahon bozori eshiklarini ochib berdi.

– O‘tgan 16 yil ichida Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Ruminiya, Polsha kabi mamlakatlardan ikki mingdan ortiq yirik xaridor ishtirok etdi. Shu orqali ko‘rgazmamiz milliy brend sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi, bu yerda shartnomalar imzolanadi, yangi trendlar yuzaga keladi. 2022 yildan boshlab “TextileExpo Uzbekistan” yiliga ikki marta: bahor va kuz oylarida o‘tkazila boshlandi. Shu bois mamlakatimiz bugungi kunda o‘nlab davlatlarga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda va global bozorda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

Bugungi kunga qadar ko‘rgazmamizda 40 dan ortiq mamlakatdan 3500 dan ziyod kompaniya qatnashdi va 120 mingdan ortiq mutaxassis tashrif buyurdi. Buning o‘zi ham ko‘rgazmamizning nufuzidan dalolat. Biz uchun eng muhimi,  ko‘rgazma tufayli ishlab chiqaruvchilar yangi imkoniyatlardan foydalanib, yangi bozorlarga chiqishidir. Davlat ko‘magi va ko‘rgazma imkoniyatlari sababli soha yanada rivojlanishiga ishonchimiz komil. Biz hamkasblar bilan birgalikda butun to‘qimachilik sanoati taraqqiyotiga hissa qo‘shishdan mamnunmiz, – dedi A.Alimova.

Ta’kidlash joizki, “TextileExpo Uzbekistan” nafaqat milliy brend, balki jahon bozorida O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyatini namoyon etayotgan kuchli drayver sifatida o‘zini to‘la namoyon etmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA