O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan fraksiyalararo amaliy muloqot tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Unda Murojaatnomada davlatimiz rahbari tomonidan inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ichki ishlar organlarining tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatidagi qiynoqqa solish, shafqatsiz va g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi harakatlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanilgan shaxslarni to‘g‘ri ijtimoiy hayotga yo‘naltirish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, tezkor-qidiruv, tergov sohasida qiynoqlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlariga keltirilgan va ushlangan shaxslar bilan yangi tashkil etilgan 484 ta so‘rovxonada suhbat va so‘rovlar o‘tkazilmoqda. Bu borada barcha xatti-harakatlar videokuzatuv moslamalari orqali qayd etilyapti. Ushbu jarayonlar tergov departamenti rahbari tomonidan doimiy kuzatib borilmoqda.
Shu bilan birga, tergov bo‘linmalarida videokuzatuv vositalarisiz hamda eshitish moslamalarisiz advokatlar o‘zlarining himoyasi ostidagi shaxs bilan holi uchrashishlari uchun alohida xonalar tashkil etilgan. Tergov hibsxonalaridagi mavjud tergovchilar xonalariga jami 123 dona zamon talablariga javob beradigan ovoz yozishga mo‘ljallangan videokuzatuv vositalari o‘rnatildi.
O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarni statistik ma’lumotlar bilan izohlash va mamlakatimizning halqaro reytinglardagi o‘rni aniq ifoda etilishini ta’minlash maqsadida maxfiy hisoblangan ayrim ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritildi.
bugungi kunda mamlakatimizda 54 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud. Shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil-koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalaridir. Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimida 22 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil-koloniyada, 14 mingdan ortiq mahkumlar yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.
2020 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, AQSHda har yuz ming odamdan 639 nafari, Rossiyada 340 nafari, Turkiyada 335 nafari, Belarusda 343 nafari, O‘zbekistonda 68 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda.
Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasasi 3 ming 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamasi bilan jihozlangan. Shundan, 2 ming 203 tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432 tasi ishlab chiqarish sahniga, 645 tasi tashqi ma’muriy hududga o‘rnatilgan.
O‘tgan davr mobaynida Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ushbu sohadagi bir qator
islohotlarni qonuniy mustahkamladi. Xususan, mahkumlarning huquq va erkinliklarini yanada kengaytirish maqsadida voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, mahkumga o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlashni so‘rab muassasa yoki organning har qanday xodimiga ariza (xabar) bilan murojaat qilish huquqi berildi.
Yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon so‘zlashuvi yo‘qlov va uchrashuvlar olish soni ikki baravarga ko‘paytirildi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi berildi. E’tiborlisi, jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarni rag‘batlantirish komissiyasi tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha vakilning hududiy vakillari kiritildi.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari tomonidan 25 ta manzil-koloniya bosqichma-bosqich qisqartirilishi, birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinishi hamda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga o‘tkazilishi bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan ham takliflar bildirildi.
Muhokamalar yakunida jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, umuman olganda, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini
ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda Qonunchilik palatasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari tomonidan bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan 2021 yil Davlat dasturiga kiritish uchun ishchi guruhga yuborildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA