Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
25 ta AYOQSHda sifatsiz yonilg‘i aniqlandi
16:45 / 2026-03-05

Joriy yilning fevral oyida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va neft mahsulotlari sifatsizligi bilan bog‘liq qator qonunbuzilishlar aniqlandi.

Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan bir oy mobaynida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 301 ta holat fosh etilgan. Tekshiruvlar natijasida 12,8 million kVt⋅soat elektr energiyasi (32,2 mlrd. so‘m) hamda 15,8 million metr kub tabiiy gaz (42,6 mlrd. so‘m) talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzilishlar natijasida jami 74,8 milliard so‘m miqdorida zarar qayta hisob-kitob qilingan.

Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 550 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Ayni paytda neft mahsulotlari sifatini nazorat qilish yo‘nalishida ham tizimli ishlar amalga oshirilgan. Tahlillar natijasida 25 ta AYOQSHda 160 ming litr neft mahsuloti belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanib, ushbu mahsulotlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Ta’kidlash joizki, bunday nazorat tadbirlari energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, bozorda sifatli yoqilg‘i aylanishini nazorat qilish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA