French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2,5 oyda 8000 nafardan ortiq fuqaro shahodatnoma dublikatini masofadan turib oldi
11:35 / 2022-09-20

Mamlakatimizda joriy yil 1 iyuldan boshlab shahodatnoma dublikatini masofadan turib olish xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi xizmat doirasida qator qulayliklar joriy etilmoqda. Jumladan, shahodatnoma dublikati my.gov.uz portali orqali ariza bilan murojaat etilganida (avval ariza berish uchun ham, hujjatni olib ketish uchun ham maktabga kelingan) 5 kunda elektron shaklda portal orqali beriladi.

Ariza onlayn shaklda, inson omilisiz qabul qilinadi, shaxsiy ma’lumotlar avtomatik tarzda boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinadi.

Boshqa hech qanday hujjat talab etilmaydi. (avval maktabga 5 tagacha hujjat taqdim etilgan: ariza, hujjat yo‘qolgani haqida gazeta e’loni, topilmalar idorasidan ma’lumotnoma, pasport nusxasi, familiya o‘zgargani haqida FHDYO bo‘limlaridan ma’lumotnoma).

bugungi kunga qadar 8 mingdan ortiq fuqarolar mazkur xizmatdan foydalanib shahodatnoma dublikatini masofadan olishga ulgurdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, shahodatnoma dublikati elektron shaklda berilgach, maktabdan berilgan attestat o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shuningdek, Xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlarini yanada kengaytirish «insonlar emas, hujjatlar harakat qilishi kerak» tamoyilini kengroq joriy qilish maqsadida joriy o‘quv yilida yana 3 ta xizmat yo‘lga qo‘yiladi.

Bular o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish, xorijiy fuqaro farzandlarini maktabga qabul qilish, eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarini topshirish uchun ariza berish xizmatlaridir.

Xalq ta’limi tizimiga oid davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida ko‘mak berish hamda tegishli savollarga javob berish maqsadida maxsus bot @Xtv_davlatxizmatlari_bot faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xalq ta’limiga oid muammolarga duch kelishgan taqdirda mazkur botga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

 

O‘zA