Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
25 nafar xodimning ustama pullari to‘lab beriladigan bo‘ldi
14:47 / 2023-07-03

Bugun aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi aholini qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarning o‘z vaqtida yechimi topilishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tuman adliya bo‘limiga “Koson tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasining jami 25 nafar ishchi-xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 924-sonli qaroriga binoan to‘lanishi lozim bo‘lgan ko‘p yillik ish staji uchun ustama mablag‘lari to‘lanmayotganligi yuzasidan murojaatlari kelib tushgan.  

Mazkur murojaatlar o‘rganilib, tuman adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudiga 25 nafar xodimning manfaatlarini ko‘zlab, 150 million so‘mlik ustama pullarini undirish yuzasidan da’vo arizalari kiritilgan. Natijada kiritilgan da’vo arizalari qanoatlantirilib, jami 25 nafar xodimga 150 million so‘mlik ustama pullari to‘lanishi yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarildi.  

– 11 yildan buyon yo‘l sohasida ishlayman. 2018 yilda bir marta ustama pullarini olganmiz, – deydi “Koson tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi ishchisi Qodir Shodmonov. – Shundan bu yog‘ini olmaganmiz. Tuman adliya bo‘limiga ariza bilan murojaat qildik. Baraka topishsin muammoni tez fursatda o‘rganib, bizning foydamizga ustama haqlarimizni undirish bo‘yicha sudning qarorini chiqarib berdi. Har qancha bo‘lsa ham oylik maoshimizga qo‘shimcha mablag‘, oilaviy byudjetimizga foyda.  

Ta’kidlash lozimki, Koson tumani adliya bo‘limi tuman aholisining huquqiy sohadagi ko‘makchisiga aylangan. Sohadagi barcha murojaatlar aholini ovora qilmaslik uchun bir joyga ya’ni tuman markazidagi Davlat xizmatlari markaziga jamlangan.  

O‘lmas Barotov, O‘zA.