Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
25 nafar qalamkashning ilk kitobi taqdimoti o‘tkazildi
15:09 / 2022-08-19

Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminarining uchinchi kuni Parkent ijod uyining yozgi amfiteatrida 2021 yilda o‘tkazilgan Zomin seminarida «Birinchi kitobim» loyihasiga tavsiya etilgan 25 nafar yoshlarning ilk kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotni O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov ochib berdi. U o‘z nutqida seminarga katta umidlar bilan kelgan yoshlarga ijod zavqi, mashaqqati haqida gapirdi. Uch kunlik seminar qalamkashlarning hayot va ijod yo‘llarida katta maktab vazifasini o‘tashini ta’kidladi. Hech bir adibning ijodi birinchi kitobsiz bo‘lmasligini alohida to‘xtalar ekan, Hamid Olimjon deysizmi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning ham ilk kitobi hayot yo‘lida katta voqelik bo‘lganini eslab o‘tdi.

Ustoz ijodkor o‘z so‘zida: «Jamoliddinning she’rlarini o‘qiganimda, adabiyotimizda Muhammad Yusufdek ijodkor kirib kelganiga amin bo‘ldim. Uning she’rlarini o‘qir ekanman, unda yurakka tez yetib boruvchi, unga ta’sir qiluvchi soddalik, samimiylik kuchi borligini tuydim», deya e’tirof etdi. O‘zbekiston Qahramoni Jamoliddin Badalovning «O‘tinch», Rashid Xo‘jamovning «Al’omon» kitobini alohida e’tirof etdi.

Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Xurshid Davron, Suvon Meli, Ahmadjon Meliboyev, Kengesboy Karimov so‘zga chiqdi. Ular Mirzo Ozodning «Beshinchi fasl», Otabek Isroilovning «Ona laylak parvozi», Zarnigor Abduolimovaning «Xayr dema», Nesibeli Baltaniyazovaning «Baxitli kundi izlep», Bazarbay Jo‘ldasbayevning «Perishteler avtografi» kabi nazmiy-nasriy kitoblar borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Yosh ijodkorlarning ilk kitoblarini o‘qir ekanman, unda Alisher Sabriyning «Uch nuqta» kitobi meni o‘ziga jalb qildi, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Uning nazmda bitganlari ancha ma’nodor. Aruz vaznida ancha pishiq misralar bitgan. Bugun zamonaviy adabiyotshunoslikda ana shunday janrdagi ijod namunalariga ehtiyoj bor. Yoshlarning to‘plamlarida mazmun va mahorat uyg‘unligiga, betakror misralarga guvoh bo‘ldim. Yosh tadqiqotchi Dilnoza Rustamovaning «Navoiy lirikasida yoshlik madhi» nomli risolasi ham ayni yoshlarni Navoiy ijodiga, boy ma’naviy merosini anglashga chorlaydi.

Taqdimotda «Mening kelganimni bilishsin» nomli to‘plam muallifi Iqbol Yusuf hozirda uzoq safarda bo‘lgani bois, o‘zining minnatdorlik tuyg‘ularini ustozlarga va tadbir tashkilotchilariga videoaloqa orqali izhor qildi.

Taqdimotda yosh ijodkorlarga ustozlar tomonidan o‘zlarining mualliflik kitobi va qalam haqi topshirildi.

Uyushma a’zolari Abdusaid Ko‘chimov, Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton yoshlarni ilk kitobi bilan qutladi. Yosh ijodkorlarga qalam haqi topshirildi.


D. Mamatova, O‘zA