Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2,5 mingga yaqin avtomobil yuvish shoxobchasi suv tindirgichlar bilan jihozlangan
16:25 / 2025-12-03

Qonunchilik palatasining bugungi majlisida O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.

Unda keltirilishicha, respublika hududida amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa turdagi faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash yuzasidan 2023-2025 yillar davomida 91 ming 412 ta davlat ekologik ekspertiza xulosalari taqdim etilgan.

Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilgunga qadar mo‘ljallanayotgan,  rejalashtirilayotgan yoki amalda faoliyat ko‘rsatayotgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I-II toifaga mansub faoliyat turlari bo‘yicha 3 ming 800 ta jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida respublika bo‘ylab 23 ta avtomatik havo monitoringi stansiyasi o‘rnatilgan. Havo sifati va gidrometeorologiya ma’lumotlarini jamoatchilikka yoritish uchun monitoring.meteo.uz, data.meteo.uz onlayn portallari ishga tushirilgan.

Avtomobil yuvish shoxobchalari o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishga o‘tkazilib, 2 ming 351 ta shoxobcha oqova suv tindirgichlar bilan jihozlangan. Bu esa hosil bo‘layotgan oqova suvlarning 60 foizi tozalanishiga va suv resurslari tejalishiga olib kelgan.  

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, suv ob’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqova suvlari tushishining oldini olish maqsadida 200 dan ortiq sanoat korxonalarida lokal oqova tozalash inshootlari qurilishi va mavjudlarini modernizatsiya qilinishi ta’minlangan. Buzilgan 5 ming 500 gektarga yaqin yer maydoni esa rekultivatsiya qilingan.  

Chiqindilarni boshqarish va muqobil energiya ishlab chiqarishda xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida maishiy chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, ekologik markirovkalash sohasida 22 ta mahsulotlar guruhlari uchun milliy standartlar ishlab chiqilib, belgilangan tartibda qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlar uchun “Yashil sertifikat” ekologik sertifikatlashtirish tizimi joriy etilgan.

Deputatlar ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etib, atrof-muhitga yuqori ta’sir ko‘rsatish xavfiga ega bo‘lgan, atmosfera havosiga zararli tashlanmalar chiqaruvchi va me’yoridan ortiqcha ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini hosil qiluvchi korxonalar holatini baholash hamda zararli tashlanmalarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozimligini qayd etdi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA