Valyuta qimmatliklari noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departament tizimi xodimlari zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Valyuta ayirboshlash bilan noqonuniy shug‘ullanib kelgan fuqarolar A.G., D.B., Sh.X. va boshqalar jami 25 ming AQSH dollarini fuqaro M.A.ga 283,4 million so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bu Departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.
Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan B.U. fuqaro N.V.ga 6,3 ming AQSH dollarini 71,8 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Vobkent tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa M.T (muqaddam valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan) fuqaro B.M.dan jami 1,1 ming AQSH dollarini 12,4 million so‘mga sotib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA