Qonun loyihasiga sharh
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, 2024 yil noyabrda kuchga kirgan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun talablari yanada soddalashtirilmoqda.
2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladigan ushbu muddatli qonunga ko‘ra, fuqarolarning yillar davomida hal bo‘lmay kelgan uy-joy va yerga doir muammolarini hal qilish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, meros masalalariga yechim topish imkoniyati yaratildi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Mirjalol Allaquliyevning qayd etishicha, bir yil davomida 1 mln.dan ortiq ob’ekt yalpi xatlovdan o‘tkazildi, 27 ming 761 ta ob’ektga nisbatan mulk huquqi e’tirof etildi.
Endi nazarda tutilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bitta ob’ekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartirilmoqda. Jumladan, vakolatli tashkilotlarga — 20 kun, jamoatchilik muhokamasi uchun — 10 kun, adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun — 20 ish kuni nazarda tutilmoqda. Natijada arizalar tezroq ko‘rib chiqiladi, sun’iy cho‘zilishlar bartaraf etiladi, tuli sarsongarchiliklarning oldi olinadi.
Adliya vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, amaliyotda ob’ektlarga nisbatan huquqni e’tirof etishga to‘sqinlik qilayotgan eng katta muammolardan biri — soliq va to‘lov masalasi edi. Xususan, hozirgi holatda 243 mingdan ortiq ob’ektda soliq qarzi bor. Oqibatda ularni rasmiylashtirish masalasi qonun doirasida hal bo‘lmay qolmoqda.
Yangi takliflarga ko‘ra, soliq qarzi BHMning 30 baravaridan oshmasa (12,3 mln. so‘m), huquq e’tirof etilishi mumkin. Bir martalik to‘lov 20 ish kunida amalga oshirilsa, 50 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, to‘lovni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda.
Bundan tashqari, ortiqcha egallangan yer uchun ham adolatli to‘lov masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Qurilishi taqiqlangan hududga qisman tushgan ob’ektlar uchun ham yechim berilmoqda. Ya’ni, bino va inshootlar qurilishi taqiqlangan hududda joylashgan bo‘lsa, uni to‘liq rad etmasdan taqiqlangan hududga tushgan qismni chegirib tashlab, qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ko‘zda tutilmoqda.
Kosmik suratlar yo‘q holatda muqobil aniqlash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, qonunda ko‘rsatilgan muddatga eng yaqin bo‘lgan oldingi va keyingi kosmik suratlar asosida xulosa berilishi nazarda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulklariga nisbatan qisqa muddatlarda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishiga, fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan meros bilan bog‘liq nizolarga yechim topilishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA