O‘zA «Qor qo‘ynida lolalar» ruknida matonatli o‘zbek ayollari bilan tanishtirishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz O‘zbekistonning birinchi ayol huquqshunosi, 24 yoshida O‘zSSSRning bosh prokuror yordamchisi bo‘lgan Diloro Yusupova. Mazkur maqolada tarixchi olim Bahrom Irzayev O‘zbekistonda zamonaviy yuridik bilimlarga asos solgan yoshlar – Diloro Yusupova va uning turmush o‘rtog‘i huquqshunos Muhammadjon Mo‘minov haqida hikoya qiladi:
O‘rta Osiyo, XX asrning boshi, bir zamonlar jahon ilm-fani beshigi bo‘lgan bu o‘lkada ta’lim oqsagan davr. Ayniqsa, bu vaqtda qizlarning zamonaviy bilimlarni egallashiga hech qanday muassasalar mavjud emasdi. Mana shunday murakkab va murosasiz zamonda Diloro kabi ko‘plab o‘zbek qizlari mislsiz iroda ko‘rsatdi. Ular bir nechta tillarni o‘rgandi. Moskva, Boku, hatto Germaniyaning Berlin Drezden kabi yirik shaharlarida ilm oldi, vatanga qaytib, mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi. Shunday qizlardan biri Diloro edi...
TA’QIB VA QUVG‘INDAGI BOLALIK
O‘zbekistonning birinchi ayol huquqshunosi, O‘zSSR bosh prokurori yordamchisi Diloro Yusupova 1911 yil Buxoro shahrida dunyoga keladi. Uning otasi Sobirjon Yusupov «Yosh buxoroliklar» tashkilotining faol a’zolaridan bo‘lib, rus tilini bilgani bois siyosiy harakatlarda faol qatnashgandi. Shu sabab Diloroning bolaligi otasining siyosiy qarashlari tufayli ta’qib va quvg‘inlarda o‘tdi.
Diloro 6 yoshligida onasi bilan Buxoro amirligi hududidan surgun etildi. Toshkentga kelgach ham avval chor oxrankasi ta’qibida, so‘ng doimiy ravishda CHK ayg‘oqchilaridan yashirinib yashashga majbur bo‘ladi. Diloro onasi bilan hali u yerda, hali bu yerni makon tutib, kun kechirdi.
MURAKKAB DAVDA ILM YO‘LIDA KURASH
Diloro Yusupova mana shunday qiyin sharoitda yosh bo‘lishiga qaramay, ilm yo‘lini tanladi. U 11 yoshida Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga o‘qishga yuborildi. U yerda o‘zining iqtidori, bilimga tashnaligi bilan 1924 yildayoq Moskvadagi o‘zbek talabalari orasida tanildi. 1926 yil maktabni a’lo baholarga tugatib, O‘zbekistonga qaytdi.
PROKURATURAGA YO‘L
U Toshkentda komsomolining okrug qo‘mitasida ishlash barobarida O‘rta Osiyo davlat universitetining sud bo‘limiga o‘qishga kirdi. Aspiranturaga tayyorlanadi. Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga o‘qidi. Shundan so‘ng bitirish imtihonlarini topshirgach, yo‘llanma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga yuborildi. Sinov muddatidan so‘ng u 1925 yil 24 yoshida O‘zbekiston Respublikasi prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlandi.
O‘ZBEKISTONDA YURIDIK BILIMLARGA ASOS SOLINISHI
Diloro Yusupova Moskvadagi o‘qishda tanishgan, O‘zSSR Oliy sudi sudyasi bo‘lgan namanganlik Muhammadjon Mo‘minov bilan turmush qurdi. Muhammadjon Mo‘minov O‘zbekistonda yuridik bilimlarning shakllanishiga asos solgan yosh huquqshunos edi. U Samarqandda O‘zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a’zosi, 1931-1935 yillarda sud tizimidagi qator muhim lavozimlarda faoliyat olib boradi. Keyinroq uning tashabbusi bilan shu institut bazasida O‘zbekistondagi birinchi yuridik institut paydo bo‘ldi. Uning g‘ayrat-shijoati tufayli qisqa vaqtda ko‘plab yuridik lug‘atlar, jurnallar, kitoblar chiqarildi. Ayniqsa, Muhammadjonning 1932 yil «Na fronte teorii gosudarstva i prava» kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
DAHSHATLI QIYNOQ, TIRIK MURDAGA AYLANGAN HUQUQSHUNOS
Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar, hasadgo‘y, kimsalarning bo‘htonlariga qaramay, ular har kuni yangi-yangi g‘oyalar, yangi asarlar ustida bahslashardi. Ularning bag‘rida o‘g‘li Marat va Surayyo ulg‘ayadi...
Biroq, 1937 yil 29 mart tunida baxtli yosh oilaning eshigini noma’lum nusxalar taqqilatdi. Orderni ko‘rsatib, oila a’zolarini devorga turg‘azib qo‘ygan holda tonggacha nimalarnidir qidirishdi. Ertalabga yaqin barcha narsalarni xatlab, Muhammadjon Mo‘minovni olib ketishdi. O‘shanda Muhammadjon O‘zSSR Adliya komissarligining aholiga yuridik yordam va sud himoya bo‘limi boshlig‘i, Diloro Yusupova esa O‘zSSR Bosh prokurori yordamchisi edi.
Bir kunda xonumonidan ayrilgan Diloro avvaliga hech narsani tushunmadi. Bu hodisani dastlab, erining ortidan tez-tez bo‘lib turadigan tuhmatlardan biridir deb o‘yladi. Biroq, juda qiyin jarayonlardan so‘ng berilgan ruxsat ortidan eri bilan uchrashgach, angladiki, bu gal vaziyat juda boshqacha. Bir necha kungi dahshatli qiynoqlardan so‘ng Muhammadjon allaqachon o‘limni bo‘yniga olgan, "tirik murda"ga aylantirib tashlangan edi...
HAQIQAT UCHUN KURASH
Diloro erining aybsizligini isbotlash uchun barcha choralarni qo‘lladi. Moskvaga yashin suratda NKVDning amalga oshirayotgan bedodliklari haqida maxsus xat yo‘lladi. Zudlik bilan maxfiy tarzda erining sobiq do‘sti Davlat Rizayev bilan uchrashdi. Unga eri Muhammadjon Mo‘minovga nisbatan amalga oshirilayotgan nohaqliklar haqida aytib, yuqori tashkilotlarni bundan xabardor qilishini so‘radi. Afsuski, bu vaqtga kelib, na Moskvadan, na mahalliy hukumatdan hech qanday umid qolmagan edi...
«XALQ DUSHMANI»NING XOTINI
Muhammadjon Mo‘minovga «xalq dushmani» degan ayblovni qo‘yishdi. Diloro esa «erining aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan» deb hibsga olindi. Ularning 6 yoshli o‘g‘li Marat hamda 4 yosh qizi Surayyo "Bolalar uyi"ga yuborildi. Muttasil jismoniy qiynoq va shafqatsiz tahqirlar ostida o‘tkazilgan so‘roqlarda Diloro erining ham, o‘zining ham aybi yo‘qligini isbotladi. Biroq, 1938 yil 4 oktyabrida Muhammadjon Mo‘minov "Moskvada bo‘lgan namoyish rahbarlaridan biri" degan bo‘hton bilan otib tashlanadi. Keyinchalik tergov vaqtida qo‘llangan qiynoq va so‘roqlar haqida hech qachon gapirmaslik sharti bilan Diloroni ozod etishdi. U qamoqdan qaytgach, farzandlarini bolalar uyidan oldi. Oddiy ishlarda ishladi va umrini farzandlarining tarbiyasiga bag‘ishladi.
KURASHLARDA SINMAGAN ONA
Stalin vafotidan so‘ng boshlangan «iliqlik davri»ning ilk kunlaridan Diloro Yusupova turmush o‘rtog‘i Muhammadjon Mo‘minovning sha’ni uchun kurashdi, uning ishini qayta ko‘rishlarini talab qildi. Diloroning erini oqlash yo‘lidagi murosasiz kurashi besamar ketmadi va nihoyat, 1957 yilda Muhammadjon Mo‘minov rasman oqlandi. Diloroning tarbiyasi bilan o‘g‘li Marat Mo‘minov matematika fanlari doktori, professor bo‘lib, ko‘p yillar mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyoti yo‘lida zalvorli ishlarni amalga oshirdi. Qizi Surayyo Mo‘minova esa Moskva meditsina institutida o‘qib ilm oldi.
Vafodor ayol, huquqshunos, matonatli ona bo‘lgan Diloro Yusupovaning hayoti ko‘p yillar kelajak avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA