Xorvatiyaning Zagreb shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Dunyoning 69 ta mamlakatidan 771 nafar sport kurashlari vakillari ishtirok etgan jahon chempionatida 30 ta medallar jamlanmasi uchun murosasiz bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Jahon chempionatida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy yutuqni qayd etgani e’tiborli bo‘ldi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aytjan Xalmaxanov “klassik” kurashchilarimiz orasida 24 yil muqaddam erishilgan natijani takrorladi.

Eslash o‘rinli, bundan 24 yil muqaddam Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tgan jahon chempionatida hamyurtimiz Dilshod Aripov -58 kilogrammda oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Bu safar Aripov boshlagan g‘oliblik yo‘lini Chirchiq kurash maktabi tarbiyalanuvchisi Xalmaxanov davom ettirib, o‘zbek sport kurashlarining imkoniyatlari ne chog‘li yuksakligini namoyish qildi.

Zagrebda poyoniga yetgan jahon chempionatida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan muzaffar sportchilarimizni tantanali kutib olish marosimida ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev, keng jamoatchilik vakillari yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari bardavomlik kasb etishiga umid bildirdi.
Ushbu muvaffaqiyatlar kelgusi musobaqalarda, xususan keyingi yili Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari, 2028 yilgi Los-Anjeles Olimpiadasida yangicha ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatishiga ishonch bildirishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA