French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
24 soatlik navbatchilik yo‘lga qo‘yildi
15:14 / 2025-12-04

Sirdaryo viloyatida aholi va korxonalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, mavsumiy yuklamalar davrida iste’molchilarda uzilishlar yuzaga kelmasligi uchun qator profilaktik va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qish mavsumida elektr energiyasiga talab oshishi va tarmoqlarda turli nosozliklar xavfi yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olgan holda, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ning Sirdaryo hududiy filiali hamda tuman-shahar elektr ta’minoti korxonalarida 24 soatlik navbatchilik tizimi tashkil etildi.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezda bartaraf etish maqsadida 140 nafar mutaxassisdan iborat 31 ta avariya brigadasi shakllantirildi. Ular maxsus texnika, zarur asbob-uskunalar va mobil aloqa vositalari bilan ta’minlangan.

— Bugungi asosiy maqsadimiz — iste’molchilar uchun elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialining umumiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Mamatqulov. — Shuning uchun profilaktik ishlar kuchaytirildi, barcha tuman va shaharlarda navbatchilik jadvali joriy etildi. Tezkor brigadalarimiz har qanday murojaatga bir necha daqiqa ichida javob bera oladi. Bizning vazifamiz — mavsumni barqaror, betalofat va yuqori mas’uliyat bilan o‘tkazish.

Shu bilan birga, filial tomonidan elektr uzatish liniyalarida profilaktik ko‘riklar o‘tkazish, transformator punktlarini diagnostikadan o‘tkazish, yuklama darajasini kuzatuvchi zamonaviy monitoring tizimlarini ishga tushirish ishlari davom etmoqda.

Mavsumiy tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan bu chora-tadbirlar aholi va tadbirkorlar uchun barqaror energiya yetkazib berishga qaratilgan bo‘lib, qish davomida tarmoqlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri