Jahon hamjamiyati bugun BMT kunini nishonlamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan butun dunyo bo‘ylab tuzilmaning xalqaro muloqot uchun noyob platforma sifatidagi ahamiyatini ta’kidlashga qaratilgan marosimlar, siyosiy munozara va madaniy tadbirlar o‘tkazmlyapti.
BMT va O‘zbekiston – xalqaro hamkorlik, tinchlik, taraqqiyot yo‘lida hamqadam
Mamlakatimiz 1992 yil 2 mart kuni mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilingan. Shundan buyon Nyu-York shahridagi Bosh qarorgohda mustaqil davlatimiz bayrog‘i hilpirab turibdi, Vatanimiz nomi oliy minbarlarda mag‘rur jaranglamoqda, O‘zbekiston BMTning barcha tadbirlarida faol ishtirok etib keladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “1945 yil tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida yetakchi xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka alohida ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi kabi asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va tamoyillarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda.
BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘p tomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot va harakat, butun dunyoda inson huquqini himoya qilish kabi g‘oyalarni muntazam ilgari surmoqda.
Mamlakatimiz BMT va uning qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqa tuzilmalar ishida juda faol.
Bundan 30 yil avval – 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochilgan. O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturi, jamg‘arma va agentliklari, jumladan Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YUNFPA), Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dastur, Gender tenglik, Ayollar huquqi va imkoniyatini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Turli yillarda O‘zbekistonga BMT yetakchilari – Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017 yil hamda 2024 yil 30 iyun – amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan.
Mamlakatimiz BMTning maqsadi va vakolatiga qat’iy rioya etadi. O‘z ovozi va maqomidan foydalanib, barcha sohalarga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi.
O‘zbekistonning doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tuzilmalar huzuridagi vakolatxonamiz Vena (Avstriya) shahridagi BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi.
BMT kuni qanday paydo bo‘lgan?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni taqvimdagi shunchaki ramziy sana emas, balki ta’sis hujjati – BMT Nizomi qonuniy kuchga kirgan tarixiy lahzani anglatadi. 1945 yil aynan shu kuni Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va ko‘pchilik ta’sischi davlatlar tomonidan tegishli hujjat ratifikatsiya qilingach, BMT rasman ish boshladi.
BMT kuni 1948 yildan buyon nishonlab kelinadi. 1971 yil Bosh Assambleya maxsus rezolyutsiya bilan a’zo davlatlarga ushbu sanani Jahon tashkilotining maqsadi va yutuqlarini ta’kidlash uchun bayram sifatida nishonlashni tavsiya qilgan.
Tarix
Tashkilot mamlakatlar nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishi, harbiy mojarolarning oldini olishi mumkin bo‘lgan forum sifatida yaratilgan. BMT salafi xalqaro hamkorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun yaratilgan birinchi hukumatlararo tashkilot – Millatlar Ligasi edi. 1919 yil, Birinchi Jahon urushidan keyin tashkil etilgan mazkur tuzilma o‘z maqsadlariga to‘liq erisha olmadi. Xususan, insoniyat tarixidagi eng ulkan mojaro – Ikkinchi Jahon urushining oldini ololmadi.
Tashkilot o‘z yakuniy shaklini 1945 yil San-Fransisko konferensiyasida oldi. O‘shanda tashkilot Nizomi imzolandi. “Birlashgan Millatlar Tashkiloti” nomi Qo‘shma Shtatlarning 32-Prezidenti (1932-1945) Franklin Ruzvelt tomonidan taklif qilingan va hamon o‘zgarmagan.
BMT bugun: Asosiy muammolar va ustuvorlik
Tashkil etilganidan sakson yil o‘tib, BMT 193 davlatni birlashtirgan dunyodagi yagona universal xalqaro tashkilot bo‘lib qolmoqda. Jamoaning vazifasi ko‘p qirrali: xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashdan tortib, inson huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishgacha, global hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan.
Hozirgi faoliyat asosi 17 maqsad mujassamlashgan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini aks ettiradi. Bular – qashshoqlikka chek qo‘yish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ta’lim va sog‘liqni saqlashga universal kirishni ta’minlash.
Binobarin, geosiyosiy keskinlik, kiber tahdid, pandemiya kabi zamonaviy muammolar BMTdan sezilarli darajada moslashishni talab qilmoqda. 2025 yil Bosh kotib Antoniu Guterrish yangi davr masalalariga yanada samarali javob berish uchun tashkilotni o‘zgartirish va mustahkamlashga qaratilgan BMT-80 jarayonini boshladi.
Ma’lumotlar
BMT murakkab tuzilishga ega, olti asosiy organdan iborat: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi, Xalqaro Sud va Kotibiyat. Tashkilot a’zo davlatlarning to‘lov qobiliyati, milliy daromadi va aholisidan kelib chiqib hisoblangan majburiy badal hisobidan moliyalashtiriladi. Rasmiy tillar – ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz. Ramzi – zaytun shoxi bilan o‘ralgan dunyo xaritasi tinchlikning global xususiyatini anglatadi. Hozirgi rahbar – 2017 yil lavozimga tayinlanishidan oldin Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissar bo‘lib ishlagan Portugaliyaning sobiq Bosh vaziri Antoniu Guterrish. Bosh qarorgoh AQSH Nyu-York shahrida joylashgan.
BMT kunini nishonlash an’analari
O‘nlab yillar davomida rivojlangan BMT kuni an’anasi madaniyatlar aro va ko‘p qirrali xususiyatga ega. Markaziy tadbir Bosh kotibning jahon hamjamiyatiga murojaati hisoblanadi. Murojaatda bosib o‘tilgan yo‘l baholanadi, kelajak uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi. An’anaga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi Bosh Assambleya zalida xalqaro konsert uyushtiriladi.
Shu kuni butun dunyo bo‘ylab uyushtiriladigan turli mavzularga bag‘ishlangan ko‘rgazma, akademik konferensiya, davra suhbati va munozaralarda mutaxassis, diplomat va jamoat arboblari dolzarb global muammolarni muhokama qiladilar. Axborot markazlari hamma uchun ochiq eshiklar kuni va ta’lim tadbirlari tashkil etadi.
2025 yilgi mavzu va tadbirlar
Bu yil an’anaviy tadbirlar umumiy mavzu atrofida birlashtirilgan. BMT kunining 80 yilligi mavzusi “Kelajakni birgalikda qurish, tobora kuchayib borayotgan parchalanish sharoitida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash zarur”ligini ta’kidlaydi. Joriy yil Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Jahon sammiti, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiya kabi muhim xalqaro forumlar diqqat markazida.
Mart oyida ilgari surilgan BMT-80 tashabbusi tashkilot ishi va mandatini ko‘rib chiqishdan tortib, ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlargacha, har tomonlama tahlil va takomilga qaratilgan. Keng jamoatchilikning tashkilot tarixi va tuzilishi haqidagi bilimini sinab ko‘rish uchun BMT rasmiy manbalarida viktorina va axborot materiallari mavjud.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA