Bojxona nazoratidan o‘tishning o‘ziga xos tartibi bor.
Afsuski, ba’zida yurtdoshlarimiz bunga amal qilmasdan qing‘ir yo‘lni tutmoqchi bo‘ladi. Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘p miqdordagi zargarlik buyumlarini xorijga noqonuniy olib ketmoqchi bo‘lgan shaxsning qing‘ir ishi fosh etildi.
Andijon shahrilik I.Karimov o‘zi bilan olib kelgan zargarlik buyumlarini, bojxona xodimlari topib olmasliklari uchun oyoq kiyimlarining ichki qismiga yashirib, Farg‘ona xalqaro aeroportida “Farg‘ona-Istanbul” aviareysi bilan Turkiyaning Istanbul shahriga uchib ketishni reja qiladi. U bojxona nazoratining “qizil” yo‘lagi orqali harakatlanib, bojxona tekshiruvidan o‘tgandan so‘ng shubha ostiga olinib, shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda qilmishi yuzaga chiqdi. Oyoq kiyimlari ostida bojxona nazoratidan yashirilgan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan juda ko‘p miqdordagi 234 million 168 ming 337 so‘mlik 6 dona sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Farg‘ona viloyati IIB ekspert kriminalistika bo‘limi sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, undan olingan sariq rangli metalldan yasalgan buyumlar asosi oltin bo‘lgan qorishmadan yasalgani, ularning sof og‘irligi 792,84 grammni tashkil qilishligi ko‘rsatilgan.
Mazkur jinoyat ishi ko‘rib ko‘rib chiqilib, I.Karimovga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi. Undan olingan zargarlik buyumlari davlat egaligiga o‘tkazildi.
Mahkamjon Abdubannopov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi.
O‘zA