Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichida ilk marotaba mamlakatimizning to‘rtta klubi ishtirok etadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston superligasining oxirgi turida asosiy raqobatchisi “Paxtakor” klubiga o‘z maydonida yutqazgan “Navbahor” jamoasi minglab muxlislar oldida Osiyo chempionlar ligasining saralash bosqichidan o‘tishi zarur edi. Ushbu mas’uliyatli va sharafli vazifani ado etish niyatida Lochinlar Qatar tomon yo‘l olishdi.


“Jahon chempionati – 2022”ning bir qator o‘yinlari o‘tkazilgan Al-Vakra shahridagi muhtasham “Al-Junub” stadioniga belgilangan ushbu “pley-off” uchrashuvida Samvel Babayan shogirdlari mahalliy “Al-Vakra” klubiga qarshi maydonga chiqdi. 120 daqiqa kechgan shiddatli bahsda 1:0 hisobida tarixiy g‘alabaga erishgan “Navbahor” 23 yillik tanaffusdan so‘ng yana xalqaro maydonlarga qaytdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu bellashuvni “Navbahor”ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Namangandan Qatarga kelgan 200dan ziyod muxlis hamda arab davlatida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘nlab hamyurtlarimiz o‘yingohdan turib kuzatib bordi. Qolaversa, Namangan shahridagi “Markaziy” stadionga o‘rnatilgan katta ekranda 30 mingdan ortiq ishqiboz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qildi. Uchrashuvning asosiy 90 daqiqasida goh u, goh bu jamoa qator xavfli vaziyatlarni vujudga keltirib, g‘alaba taqdirini hal qilishga urindi.


Uchrashuvning kutilmagan holati 80-daqiqada yuz berdi. Qatarlik Xolid Shurab ikkinchi bor sariq kartochka olgach, maydondan chetlatildi. Natijada maydondagi ustunlik “Navbahor” tomoniga o‘tdi. Bellashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, yaponiyalik bosh hakam Xira Yuki Kimura jamoalarni “ekstra-taymlarga” chorladi. Qo‘shimcha 30 daqiqalik qarama-qarshilikning dastlabki bo‘limini shiddatli tarzda boshlagan “Lochinlar”ning parvozi 98-daqiqada o‘z natijasini berdi. Shahboz Jo‘rabekovning chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga oshirgan to‘pini zaxiradan o‘yinga tushgan Doniyor Abdumannopov darvozani o‘tkir burchak ostidan aniq zarba berib, gol urishga erishdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Paxtakor”, “Nasaf”, Navbahor” va “OKMK” jamoalari bellashadigan Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga shu yil 24 avgust kuni qur’a tashlanadi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA