Yovvoyi hayvonlarning tabiiy yashash muhitini saqlab qolish va ularni qayta tabiiy hayotga qaytarish — atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Ayniqsa, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan va “Qizil kitob”ga kiritilgan jonivorlar borasida bu yondashuv nihoyatda muhim.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida ekologiya sohasidagi muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar natijasida noyob va himoyaga muhtoj ilonlar tabiatga qaytarildi.
Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari hamkorligida 6 bosh O‘rta Osiyo kobrasi va 17 bosh Sharq bo‘g‘ma iloni – jami 23 ta ilon o‘zining tabiiy yashash hududlariga qaytarildi.
Qayta tiklash ishlari “Surxon” davlat qo‘riqxonasining Kampirtepa, Sherjon va Sholkon kabi biologik xilma-xilligi yuqori bo‘lgan hududlarida amalga oshirildi. Bu reintroduksiya ishlari Fanlar akademiyasi mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy xulosa asosida amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, O‘rta Osiyo kobrasi va Sharq bo‘g‘ma iloni – O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga hamda CITESning II-ilovasiga kiritilgan noyob va zaifga yaqin turlar sirasiga kiradi. Qizil kitobdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo kobrasi ayrim yashash hududlarida allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan, qolganlarida esa juda kam uchraydi. Sharq bo‘g‘ma ilonining esa umumiy soni haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas, ammo u ham tabiatda kamyob tur sifatida baholanadi.
Mazkur ilonlar ilgari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlanayotgan holatda aniqlanib, vaqtincha Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan edi. Endilikda ular ilmiy tavsiyalar asosida yana tabiat bag‘riga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xuddi shunday reydlar davomida Toshkent viloyatida ham fuqarolardan noqonuniy saqlanayotgan ilonlar aniqlangandi. Bu esa yovvoyi hayvonlarni noqonuniy asrab turish holatlari hanuz dolzarb muammo ekanini ko‘rsatadi.
Tabiat — bu yovvoyi hayot uchun yagona muhofaza qalqonidir. O‘simliklar va hayvonlar dunyosini saqlab qolish, ularni noqonuniy caqlash yoki savdosiga qarshi kurashish nafaqat davlat idoralarining, balki har bir fuqaroning burchidir. Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan bu kabi amaliy ishlar biologik xilma-xillikni asrab-avaylash, muhofaza ostidagi turlarni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA