Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabning bir guruh o‘quvchilari hali o‘quv yili tugamasdanoq muddatidan oldin talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur maktabning 21 nafar 11-sinf o‘quvchisi 189 ball to‘plab, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. E’tiborlisi, ikki nafar 10-sinf o‘quvchisi ham yuqori natija ko‘rsatib, talabalik maqomini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, jami 23 nafar o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Albatta, bu maktabda yo‘lga qo‘yilgan tizimli ta’lim, qat’iy intizom va ustoz-shogird an’anasining amaliy samarasidir. Yillar davomida izchil mehnat qilinib, o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish, ularni mustaqil fikrlash va yuqori maqsadlar sari intilishga yo‘naltirish borasida olib borilgan ishlar bugun o‘z mevasini bermoqda.
Mazkur ta’lim muassasasi avvalgi yillarda ham fan olimpiadalari, turli tanlov va imtihonlarda yuqori natijalarni qayd etib kelgan edi. Bugungi ko‘rsatkichlar esa ana shu muvaffaqiyatlarning mantiqiy davomidir.
23 nafar o‘quvchining muddatidan oldin talaba bo‘lishi nafaqat bir maktab, balki butun viloyat ta’lim tizimi uchun katta yutuqdir.
A. Bo‘riyev, O‘zA