Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
23 iyul sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni
10:32 / 2021-07-23

Kun tarixi

1 525 yil (bundan 496 yil oldin) – hijriy 931 yil shavvol oyining ikkinchi kunida (milodiy 1525 yil 23 iyulda) O‘zbek ulusi xoni Abulhayrxonning o‘g‘li, Mirzo Ulug‘bekning nabirasi Suyunchxojahon vafot etdi. U dastlab 1510 yillarda Toshkent va Turkiston hokimi bo‘lgan. Shayboniyxonning vafotidan keyin Samarqandga kirib «o‘zbek qabilalarining xonlar xoni (ya’ni Suyunch Xoja Xon) sharafiga» xutba o‘qittirgan. U Oliy Xon sifatida qisqa vaqt faoliyat yuritgan.

1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlar Soveti Turkistondagi millatidan qat’i nazar barcha yer egalari o‘zining ekin ekilgan 1–10 desyatina yeridan 4 pud, 10–15 desyatina yeridan esa 6 puddan bug‘doy o‘tkazishi hamda ushbu bug‘doyning har pudiga qat’iy belgilangan narxda 15 so‘m, arpa, suliga 10 so‘mdan, jo‘xoriga 7 so‘mdan haq to‘lanishiga oid tartibini tasdiqladi.

1923 yil (bundan 98 yil oldin) – Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Plenumida ish yuritishni mahalliy millatlar tillariga o‘tkazishni jadallashtirish, davlat idoralarini mahalliy tillarni biladigan shaxslar bilan to‘ldirish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, plenum Turkiston Kompartiyasi siyosiy byurosi va respublika hukumati zimmasiga mahalliy aholi vakillaridan moliya, pochta, temir yo‘l va devon xodimlari tayyorlovchi kurslar tashkil qilish vazifasini yukladi.

1927 yil 23 iyul (bundan 94 yil oldin) – xijriy 1346 yil muxarram oyining yigirma ikkinchisida payshanba kuni (milodiy 1927 yil 23 iyulda) Chelak muzofotining Beshbeki qishlog‘ida tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy o‘zining «Tarixi nofeiy» («Foydali tarix») deb nomlangan asarini yozib tugatdi.

1941 yil (bundan 80 yil oldin) – O‘zbekiston SSR hukumatining San’at ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yordam ko‘rsatish respublika komissiyasi tuzildi. Tarixchi Zilola Safarovaning qayd etishicha, komissiya tarkibida Toshmuhammad Qori-Niyoziy, S. Azimov, I. Razzoqov, Hamid Olimjon va Abulqosim Lohutiylar bor edi. Ularga O‘zbekistondagi barcha san’at va adabiyot tashkilotlari faoliyatini qayta qurish vazifasi topshirildi.

2007 yil (bundan 14 yil oldin) – davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyev «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

2013 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» («Pochetnыy donor Respubliki Uzbekistan») ko‘krak nishoni to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.