Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
222 ta mikroloyiha amalga oshirildi
16:01 / 2025-08-20

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida joriy yilning o‘tgan davrida aholi turmush darajasini yuksaltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida umumiy qiymati 8,5 milliard so‘mlik 222 ta mikroloyiha hayotga tatbiq etildi.

Loyihalar hokim yordamchilari va mutasaddi soha bo‘limlari hamkorligida amalga oshirildi. Shulardan 5,6 milliard so‘mi tijorat banklari kreditlari, 2,9 milliard so‘mi esa tashabbuskor tadbirkorlarning shaxsiy mablag‘lari hisobidan qoplandi. Buning natijasida 449 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yil yakuniga qadar yana 280 ta mikroloyihani amalga oshirish va 560 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 45 ta ko‘proqdir.

Bu haqda Shirin shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjumanda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Ismadiyor Mahmudov ishtirok etib, jurnalist va blogerlarga amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, mahallalarda tadbirkorlik faolligi kengaymoqda. Masalan, Nurobod mahallasida 38 ta loyiha amalga oshirilib, 76 ta ish o‘rni yaratildi. Mirzo Ulug‘bek mahallasida 34 ta loyiha orqali 68 ta, Farhod mahallasida 32 ta loyiha asosida 64 ta, Amir Temur mahallasida esa 31 ta loyiha orqali 62 ta ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, Bunyodkor, Do‘stlik va Vatanparvar mahallalarida amalga oshirilgan tashabbuslar yuzlab fuqarolarning bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ma’lumki, bunday loyihalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Jumladan, “Kambag‘allikni qisqartirish milliy dasturi” va “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi” bilan uyg‘un holda olib borilayotgan ishlar mahalliy darajada o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar tavsiya etgan mikrobiznes va kichik tadbirkorlik modellari Shirin shahrida keng joriy etilmoqda.

Anjuman davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan tashabbuslar orqali aholi daromadlari ortib, shaharda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri