Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
22 sentyabr — Xalqaro avtomobilsiz kun
10:56 / 2022-09-22

Salomatlik – tuman boylik. Inson tani sog‘, ruhi tetik bo‘lsagina, ko‘p ishlarga qodir bo‘ladi. Shu bois ham yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va keksalarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, ommaviy sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sport, sog‘lom turmush tarzi jismoniy va ma’naviy salomatlikning asosi ekanligi muntazam targ‘ib qilinadi.

Bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularning doirasida muayyan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, sentyabr oyining uchinchi yakshanba kuni respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” deb belgilangan.  

Darhaqiqat, butun dunyoda 22 sentyabr “Xalqaro avtomobilsiz kun” sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan mamlakatimizda ham tumanlar va shaharlarda “Avtomobilsiz kun” tadbirlari o‘tkaziladi. “Xalqaro avtomobilsiz kun” munosabati bilan davlat idoralari va mahalliy organlari rahbarlari shaxsiy namuna ko‘rsatib, tadbirlarda faol ishtirok etishadi.   

Bir kun davomida avtomobil o‘rniga velosipeddan foydalanish yoki piyoda harakatlanish orqali inson ham o‘z salomatligiga yordam beradi, ham ekologiya musaffoligiga hissa qo‘shadi. Butun dunyoda ushbu sananing belgilanishi ham bejiz emas.

Bugun texnika va texnologiyalarning rivoji natijasida kam harakatlilik, semizlik va boshqa turli xastaliklar ko‘payib borayotgani hammamizga ma’lum. Ana shunday bir paytda insonlarni piyoda harakatlanishga chorlash, avtomobillardan chiqadigan zaharli gazlar miqdorini biroz bo‘lsa-da kamaytirish evaziga atrof-muhit tozaligiga hissa qo‘shish dolzarb ahamiyatga ega.   

Shunday ekan, “Xalqaro avtomobilsiz kun”dan ko‘zlangan maqsad va natijaga o‘z hissamizni qo‘shaylik.   
 
 

Muhtarama Komilova, 
O‘zA