Yoshlar – mamlakatning kelajagi, ishonchi va tayanchi. Ertangi kunimizning qanday bo‘lishi ularga bog‘liq. Shu yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqoti xalqimiz, yoshlar, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Ushbu uchrashuv haqida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq va samimiy muloqot mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berayotgan tarixiy voqea bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Unda ilgari surilgan tashabbuslar – ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik, innovatsiya va volontyorlik yo‘nalishlaridagi aniq va tizimli qarorlar 22 milliondan ortiq yoshlarimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari yoshlar – bu nafaqat demografik ustunlik, balki iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotning bosh omili ekaniga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, jahon olimpiadalaridagi yutuqlar, TOP universitetlarda tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, xalqaro bozorga chiqqan startaplar va sport sohasidagi g‘alabalar – bularning barchasi yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar samarasi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ushbu ishonch va e’tiborni yuksak mas’uliyat sifatida qabul qiladi.
Biz uchun yoshlarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-estetik tafakkurini shakllantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi, “Yangi avlod tadbirkorlari” tashabbusi, “Yoshlar biznes inkubatori” markazlari, “O‘sish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi, volontyorlik harakatini keng qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar ta’lim muassasalari oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi ham ushbu tashabbuslar ijrosini ta’minlashni, shubhasiz eng ustuvor vazifa etib belgiladi.
Shu boisdan ham kelgusida talabalarni amaliy loyihalar asosida o‘qitish, kreativ industriyalar, madaniy menejment va san’at tadbirkorligi yo‘nalishlarini kuchaytirish, dual ta’lim elementlarini keng joriy etish, yosh ijodkorlar va startap tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishni reja qildik.
Ta’kidlash o‘rinliki, institutimiz kafedralarining ish beruvchi tashkilotlarda ayni paytda 4 ta filiali faoliyat olib bormoqda. Bu ishlarni davom ettirish hamda bu asosda dual ta’limni kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Shuningdek, 4 ta sport federatsiyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lib, hamkorlikda bir qancha sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Endilikda bu ishlarning ham salmog‘ini oshirish, shuningdek, institutda sport musobaqalarini yanada ko‘paytirish borasida ish olib borilmoqda.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida ham madaniyat boshqarmalari, teatrlar, kutubxonalar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqdamiz.
Ayni paytda, olib borilayotgan mazkur ishlar bizdan yanada katta mas’uliyat va tizimli yondashuvni talab etayotganini chuqur anglaymiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim va madaniyat sohasida ham yangicha fikrlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda natijadorlikni ustuvor mezon sifatida belgilash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bu esa bizdan eskicha qarash va qoliplangan yondashuvlardan voz kechib, faoliyatimizni zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishni, har bir tashabbusni aniq amaliy samaraga yo‘naltirishni taqozo etadi.
Shunday ekan, oldimizda turgan vazifalarni tanqidiy tahlil asosida qayta baholab, yanada yuqori bosqichga olib chiqish ustuvor maqsadimiz.
Negaki, oliy ta’lim muassasalari oldida ham ko‘plab yangi vazifalar turibdi. Xususan, bugun ular faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanishi lozimligi belgilandi.
Biz ishonamizki, san’at va madaniyat sohasi yoshlar uchun nafaqat ijod maydoni, balki iqtisodiy barqarorlik va innovatsion rivojlanishning muhim drayveriga aylanadi.
Yangi avlod san’atkorlari, menejerlari va ijodiy tadbirkorlari mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltiradi.
Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti – bu shunchaki uchrashuv emas, balki har bir rahbar, har bir pedagog va har bir mas’ul shaxs zimmasiga yuklangan aniq vazifa va javobgarlik.
Biz ham kelgusi faoliyatimizda, albatta, yoshlarimizni eshitamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz va ularning tashabbuslari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Pirovardida shuni aytish kerakki, yoshlar Yangi O‘zbekistonning buguni va kelajagi. Ularning muvaffaqiyati Vatanimiz muvaffaqiyatidir.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.