Kadastr agentligi Andijon viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yerlarning hisobini yuritish bo‘yicha belgilangan ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, viloyatda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona hamda samarali foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarini barvaqt aniqlash, noqonuniy holatlarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramasdan viloyatda yerdan noqonuniy foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlanmoqda.
Kadastr agentligining Andijon viloyati boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning o‘rganishlari, yer nazorati tadbirlari davomida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 2 ming 226 ta holatda 218,1 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi.
Yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari tahlil qilinganida, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerning 85,2 gektari qishloq xo‘jaligiga, 8,3 gektari aholi punktlariga, 483 ta holatda 4,2 gektari sanoat, transport, aloqa tizimlariga, 7,7 gektari suv xo‘jaligi fondiga, 112,7 gektari zaxira yerlarga, qolgan qismi esa mudofaa, o‘rmon, tarixiy madaniy ob’ektlarga tegishli yerlar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
[gallery-18284]
Yerga oid aniqlangan 2 ming 226 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha uni sodir etgan shaxslarga qonunbuzilish holatini ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari, ko‘rsatmalar yuborildi.
– Hududiy kadastr inspektorlarimiz tomonidan olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 1 ming 762 ta holat bo‘yicha 121,7 gektar yer bilan bog‘liq qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi, – deydi Kadastr agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Shuningdek, yer qonunbuzilish holatini ixtiyoriy bartaraf etmaganligi uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 334 ta holat bo‘yicha da’vo arizalar kiritildi.
Bundan tashqari 55 ta holatdagi 5,2 gektarga tegishli yer qonunbuzilish holatlarida jinoyat alomatlari mavjudligi sababli holatga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.
Shu yil o‘tgan olti oy davomida Davlat yer, kadastr va geodeziya nazorati sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun 3 ming 101 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Aniqlangan huquqbuzarliklarni sodir etgan 1 ming 252 nafar shaxs ma’muriy jarimaga tortilgan.
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan yerdan foydalanish sohasida belgilangan ishlarni tizimli tashkil etish, qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, qonunbuzilish holatlariga barham berish, mazkur yo‘nalishda aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘rganishlar, zarur ishlar olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhiriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA