Sharh
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturida bir qator yo‘nalishlarda dolzarb vazifalar belgilab berildi. Jumladan, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida ham bir qator maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan.
Xususan, xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 124 ming 254 nafar xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 210 ming 242 nafar xotin-qizlarga ishga joylashishiga ko‘maklashish, 43 ming 620 nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.

Bunda ishsiz va daromad topish istagidagi xotin-qizlar qisqa muddatli o‘quv kurslarga jalb qilinadi, ishlash istagidagi xotin-qizlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari tashkil etiladi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida 100 ming nafar xotin-qizlar savodxonligini oshirish maqsadi nazarda tutilgan. Bu esa ayol va qizlarimizning tobora rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari sohasida bilim va malaka oshirish orqali yangi daromad topish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, 1 ming 91 ta mahallada xususiy sektorlarni jalb qilgan holda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish maqsadi o‘z aksini topgan.
Ushbu yo‘nalishdagi vazifalar yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish, pirovardida, ularning ishli va daromadli bo‘lishiga xizmat qiladi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali esa o‘zi singari yana bir nechta xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish imkoni yuzaga keladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA