Ona tili – millatimiz tafakkurining bebaho xazinasi
Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida “Ona tili – millatimiz tafakkurining bebaho xazinasi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda kutubxona, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari, olimlar, yozuvchilar, Andijon shahridagi harbiy qism xizmatchilari, ijodkor yoshlar, umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.

Tadbirda so‘z olgan viloyat Axborot-kutubxona markazi rahbari Gulnoraxon Ismoilova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi mutaxassisi, uyushma a’zosi Vosit Ahmad, Andijon pedagogika instituti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dildoraxon Turg‘unova, institut axborot-resurs markazi xodimasi Munojotxon Nizomova, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Iskandar Abdulhayev va boshqalar ona tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirishga har bir fuqaro mas’ul ekanligi haqida gapirdi.

Bobur nomidagi viloyat teatrining To‘raxon Qodirov boshchiligidagi bir guruh xonanda va sozandalari ona tilimiz, tinchlik hamda yurtni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro etdi. Shuningdek, institut talabalari, Shahrixon tumanidagi 6-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan she’rlar yoddan o‘qildi, qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Tadbirda har bir millatdoshimiz ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligini saqlash va yanada rivojlantirishga mas’ul ekanligi alohida ta’kidlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA